Yangi yil bayrami oldidan “Nukus dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasida xaridorlarga qulay bo‘lishi uchun terminnallar o‘rnatilib, to‘lovlar naqd pulsiz amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi, – deydi “Nukus dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari Salamat Karamatdinov. – Bozorning yopiq pavilonida 38 xil oziq-ovqat mahsuloti arzon narxlarda sotilmoqda. Amudaryo, Ellikqal’a va Shumanay tumanlari fermerlari go‘sht, Xo‘jayli va Nukus tumanlari fermerlari baliq, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlari dehqonlari meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetkazib berayotir. 1 kilogramm go‘sht 25 ming so‘mdan sotilmoqda.

Nukus tumanidagi “Jalal qara Nukus” fermer xo‘jaligi tomonidan yetkazib berilayotgan tirik baliqning bozori chaqqon.

– Baliqchilikka ixtisoslashgan xo‘jaligimiz 2013-yilda tashkil etilgan, – deydi ushbu fermer xo‘jaligi rahbari Matnazar Ismoilov. – Bankdan olgan imtiyozli kredit evaziga har biri 4 gektardan iborat 2 ko‘lda 4-5 xil baliq parvarishini yo‘lga qo‘ydik. Yarmarkada shaharliklarning bayram dasturxoni uchun kuniga 80-100 kilogramm baliq sotmoqdamiz.

Samarqand viloyatining Urgut tumanidan tashrif buyurgan Bekmurod Polvonov nukusliklarning bayram dasturxoniga 50 turdagi quritilgan meva taqdim etmoqda.

– Bozorda sotuvchi va xaridorlar uchun juda katta qulayliklar yaratilganidan mamnunmiz, – deydi B.Polvonov. – Bayram arafasida savdo yaxshi bo‘lmoqda. Darmondoriga boy quritilgan mevalar dasturxon ko‘rki bo‘lish bilan birga, organizm uchun ayniqsa, sovuq kunlarda yaxshigina quvvat bo‘ladi.

Yangi yil bayrami yarmarkasi 2018-yilning 5-yanvariga qadar davom etadi.

 

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA