Yaqin o‘tmishimiz tarixidan

Yigirma olti yil yozilgan maqola

Abdulla Jalilning «Qo‘qon fojiasi» nomli maqolasini o‘qir, yaratilgan sanasiga ko‘z tashlar ekanmiz, hayratga tushdik. Yozuvchining sabr-toqatiga, matonatiga qoyil qoldik. Maqolaga 1989-yil 8-iyun – 2015-yil 8-may sanasi ko‘yilgan. Qarang, bir maqolani yozib tugatish va e’lon qilish chorak asrdan ko‘proq, ya’ni yigirma olti yil davom etibdi.

«Qo‘qon fojiasi» ro‘y berganiga chorak asrdan ko‘p vaqt o‘tdi. Sobiq ittifoq ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari Qo‘qonda tinch aholini qirg‘in qilgan edi. Bunday qirg‘inlar mustabid sho‘ro davlati tomonidan o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida ham amalga oshirilgan. O‘shanda ham Qo‘kon qonga botirilgan edi. Bu fojialarning butun tafsilotlarini to‘liq bilmasdan turib, bugungi mustaqil davlatning yosh fuqarosi mustaqillik va istiqlol qadrini qanday his eta oladi? Kim edigu kim bo‘ldik? Har bir odam buning mazmun-mohiyatiga yetishi kerak. 

Nosirjon Uloqov,
Namangan davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori

«O‘zbek xalqining vijdoni pok. Farg‘ona voqealari o‘zbek xalqining irodasi bilan sodir bo‘lmadi. Bu voqealarga tuturiqsiz va g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab, kim qanday bo‘yoq bermasin, tarix, albatta, o‘zining adolatli xukmini chiqaradi. Baynalmilalchilik, mehmondo‘stlik, yaxshilik, qalb saxovati hamisha o‘zbek xalqiga xos fazilat bo‘lib keldi. Xalqimiz hech qachon boshqa xalqlarga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo‘lmagan. Bu qadimiy va hozirgi tariximizdan olingan ko‘pgina misollar bilan isbot qilingan». 

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasining
Birinchi Prezidenti,
1989 yil

 

QO‘QON FOJIASI

1989-yil 7-8-iyun kunlari Qo‘qon shahrida ro‘y bergan fojialar o‘rganildi. Qo‘qonda nafaqat Turkiston, balki jaxon tarixiga kiradigan vahshiyona qirg‘in amalga oshirilgan. Qo‘qon fojiasi sho‘ro davlati va uning buyuk millatchi, shovinist rahbarlarining terrorni davlat terrorizmi darajasiga ko‘targanliklari, bunga siyosiy tus berganliklarining yaqqol isbotidir.

Bu fojiada ro‘y bergan voqealar haqida faqat taxmin bilan gapirilgan va yozilgan edi. Endilikda biz matbuotda yoritilgan maqolalardan fojia ishtirokchilarining aniq guvohliklariga egamiz. Shuningdek, yaradorlar va boshqa jabrdiydalar bergan ma’lumotlar ham holatni aniq ifodalab turibdi. Qo‘qon fojiasi haqida bor haqiqatni xalqimiz bilishi shart. Quqon qirg‘inida qancha odam otib o‘ldirilgan? Qancha odam yarador qilingan? Xalqqa buni ochiq-oydin aytmaslik adolatdan bo‘lmasdi. Ularni aytmaslik Sobiq ittifoq davrida sho‘ro davlati tomonidan qilingan og‘ir jinoyatlarni berkitish bilan barobardir.

Ma’lumki, o‘sha mash’um kunlarda matbuotda Qo‘qon voqeasida o‘n besh kishi halok bo‘ldi, degan xabar tarqatilgan. Aslida, o‘sha kunlardayoq o‘lganlarning soni mingdan oshiq ekanligi to‘g‘risida mish-mishlar tarqalgan edi. Voqeani aniq o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va unda ishtirok etgan kishilarning aytganlarida haqiqat bor. Men fojia tafsilotlarini o‘rganar ekanman, namanganlik bir muallima ayol bilan tanishib qoldim. Takdir taqozosini qarangki, uning singlisi Qo‘qonga kelin bo‘lib tushgan ekan. Fojia ro‘y bergan kundan bir kun oldin u singlisini ko‘rgani boradi. Namanganga qaytib ulgurmasidan shaharda to‘s-to‘polon boshlanib ketadi. Qo‘qonga tashqaridan hech kimni kiritishmaydi va chiqarishmaydi ham. Natijada Salima Qo‘qonda qolib ketadi va voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. U ko‘rganlarini kuyidagicha bayon qilib berdi:

«1989-yil 7-iyun kuni shahar ustida harbiy vertolyotlar tez-tez aylana boshladi. Ular juda past uchayotgan edi. Hatto vertolyot uchuvchilari, uning pulemyotlari ham yaqqol ko‘rinib turardi. Ular tez-tez o‘zidan tutun burqsitib turgan sharlarni pastga tashlardi».

Ushbu voqealar xususida men kuyidagi fikrlarimni bildirib o‘tmoqchiman:

1. Farg‘ona viloyatidagi mesxeti turklari bilan o‘zbeklar o‘rtasidagi ziddiyat malakali mutaxassislar tomonidan oldindan juda puxta rejalashtirilgan va amalga oshirilgan. Bu juda katta siyosiy ig‘vogarlik va siyosiy nayrangbozlikdir. Uni bir guruh yuqori martabali sovet harbiylari va maxsus xizmat mahkamalarining xodimlari aniq maqsadlar asosida ishlab chiqishgan. Ig‘vogarlikni amalga oshiruvchi kishilar zarur mablag‘lar, transport va texnika vositalari, o‘zbek milliy kiyimlari bilan ta’minlangan. Milliy nizoni keltirib chiqarishda, ayniqsa, montaj qilingan fotosuratlar, videokassetalar keng ko‘llanilgan. Bunday daxshatli fotosuratlarni oddiy fotograflar ishlay olmaydi.

2. Milliy asosda siyosiy ig‘vogarlik puxta hamda keng ko‘lamdagi targ‘ibot va tashviqot bilan niqoblangan. Niqobning ikki jixati bor:

a) bir tomonlama axborot berish, real voqealar haqida lom-mim demaslik;

b) jabrlanganlarga siyosiy, kamsituvchi va taxqirlovchi tamg‘alar o‘ylab topish hamda yopishtirish; shu yo‘l bilan jamoatchilikni chalg‘itish.

3. Rasmiy kishilarning haqiqatga o‘xshagan yolg‘on intervyularini uyushtirish. Qo‘qonda rejalashtirilgan ig‘vogarlikni amalga oshirishda matbuotdan faqat targ‘ibot uchungina emas, balki bevosita ig‘vogarlikni tashkil etishda ham foydalanilgan.

Masalan, 1989-yil 7-iyun kuni ertalab Rishton tumani radiosi orqali xabar berildi. Unda axoli Qo‘qonda bo‘ladigan mitingga da’vat etilgan edi.

Bundan ko‘rinadiki, Farg‘ona viloyatining boshqa tumanlaridan odamlar Qo‘qonga o‘z-o‘zidan kelishmagan. Ular Qo‘qonga qasddan, atayin da’vat etilgan. Bundan ikki maqsad ko‘zlangan:

1. Turli ijtimoiy-siyosiy talablar bilan chiqayotgan begunoh odamlarni aybdor qilib, qamoqqa olish va ovozini bo‘g‘ish.

2. Ulardan foydalanib, Qo‘qonda ish olib borgan turk Vatanga qaytish harakati markazini qo‘rqitib, tarqatib yuborish.

Xo‘sh, bunday siyosiy ig‘vogarliklar kimga kerak edi? Uni nima sababdan, qanday maqsadlarda amalga oshirishdi? Bu xaqda bor gapni lo‘nda, oshkora aytmok; joiz. Chunki haqiqat qaror topishi kerak.

1. O‘zbekistonga boshqa respublikalardan partiya, sovet, ma’muriy organlarga yuborilgan bir gurux buyuk millatchilik, shovinistik kayfiyatdagi yuqori martabali raxbarlarda xalq orasida yuzaga kelayotgan noroziliklarni bo‘g‘ish istagi tug‘ilgan edi. Ular mahalliy xalqning tobora ko‘payib borayotgan talablari, kun sayin kuchayayotgan noroziliklardan cho‘chishdi. Bu ularning siyosiy bilimi kamligi, ma’naviy qashshoqligidan dalolat edi. Ular imon va e’tiqodga muhtoj edi. Chunki ular stalinizm davrining ma’muriy buyruqbozlik maktabi ta’limini olishgan, turg‘unlik yillarida esa amaliy tajriba to‘plagan edi.

Shuning uchun ham o‘zbek xalqining paxta va pilla baxosini oshirishi, respublikamiz suverenitetini tiklash, ona tili, tarix, madaniyat to‘g‘risidagi talablari ularni gangitib qo‘ydi va ularning ana shunday qonli yo‘lni tanlashiga olib keldi.

2. Eng asosiy sabablardan biri paxta yakka hokimligini tugatish muammosi edi. O‘zbek xalqi o‘zi qashshoq yashab, har yili davlatga milliardlab so‘m foyda keltirardi. Ana shu mo‘may foydadan kuruq qolish xavfi yuzaga kelgandi. Tabiiyki, buning oldini olish lozim edi.

3. O‘zbek xalqi sun’iy ko‘chirishning mohiyatini anglab yetdi. Chunki xalqimizning bilim saviyasi oshdi, uni aldab bo‘lmay qoldi. Har yili chetdan respublikamiz shaxarlariga o‘n minglab kishilar ko‘chirib keltirilib, navbatsiz uy va ish bilan ta’minlanayotgan edi. Shundan so‘ng o‘z Vatanida bevatan va ishsiz o‘zbeklar ko‘paya boshladi. 1988 yilning ikkinchi yarmida Farg‘onaga chetdan 12 ming 278 kishi ko‘chirib keltirilgan. Farg‘onaga tutash Toshlokda esa o‘sha vaqtda 14300 nafar ishsiz bor edi. Sun’iy ko‘chirish esa o‘ta yaroqsiz illat. Xalq buni baralla gapira boshladi. Chetdan «import», «eksport» qilingan yaroqsiz rahbarlar esa tashvishga tushib qolgan edi. Shuning uchun zimdan buning oldini olishga kirishildi.

4. Siyosiy ig‘vogarlikdan Sobiq ittifoq ichki ishlar organlari manfaatdor edi. Nega deysizmi? Chunki saksoninchi yillarga kelib, mamlakatda ularning amaliy ish qobiliyati juda pasayib ketgan. Ularga jangovarlik, tezkorlik, yuksak malaka yetishmay qoldi. Jinoyatchilik o‘sib ketdi. Sho‘ro davlati qayta qurish tufayli ularga talabni kuchaytira boshladi. Ular esa talabni bajarishga qodir emas edi. Shuning uchun O‘zbekiston SSR ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari E.A. Didorenko singari «ishbilarmon va ustomon» generallarga o‘z kamchiliklarini, ishdagi nuqsonlarni, no‘noqlik va saviyasizlikni niqoblash qulayroq edi. Bunda milliy asosdagi siyosiy ig‘vogarlik juda qo‘l kelardi. Negaki bunday ig‘vogarlik juda ta’sirchan, shov-shuvli bo‘lib, uni tashkil etish oson edi. Shuningdek, ishdagi barcha kamchilikni ana shu milliy nizolarga to‘nkash mumkin bo‘lib, bu suvdan quruq chiqish imkonini berardi. Bundan tashqari, ana shunday «milliy asosdagi nizolar»ni bostirishda arzon va soxta shuxrat qozonish, yo‘q bo‘lib ketgan e’tiborni oz bo‘lsa-da, tiklash yo‘li topilardi. Milliy nizo chiqarishda chor mustamlakachilari juda usta bo‘lib ketgan edi. Ikki xalq vakillarini urishtirib ko‘yib, o‘rtada hakamlik roli egallanardi. Bunday yo‘l bilan har ikki xalqni tiz cho‘ktirish mumkin edi. Ushbu nizoning yana bir foydali tomoni shunda ediki, bir-biri bilan chiqisha olmaydigan ikki xalq birlasha olmasdi. Bu mustamlakachilarga eng zarur va kerakligi bo‘lib, ularni juda qiziqtirardi. Mazkur usul o‘shanda qo‘l kelgandi. Chunki xalqning ijtimoiy-iqtisodiy talablaridan e’tiborni boshqa narsaga jalb qilib chalritish zaruriyati tug‘ilgan edi.

Sobiq sho‘ro davlatining ichki ishlar organlari milliy nizoni keltirib chiqaradi, deyishga asoslar bor. Ular kuyidagicha:

a) milliy nizoni tashkil etishda o‘zbek milliy kiyimlari kiydirilgan boshqa millat vakillari ishga solingan edi. Xo‘sh, ular kimlar edi? O‘zbek milliy kiyimlarini kiyib olgan boshqa millat vakillarini Farg‘onaga kim yubordi? Kim ularni mablag‘ bilan ta’minladi? Ichki ishlar organidan tashqari birorta tashkilot bunday ishni qila olmaydi.

Ana shu davrda O.I. Gaydanov respublika prokurorining o‘rinbosari bo‘lib ishlardi. Prokuraturaga yuqoridagi razil xatolarni xaspo‘shlash uchun nimadir qilish lozim edi. Unga ham to‘satdan chiqqan milliy nizo ayni muddao bo‘lardi. Negaki 500 kishining nohaq qamalib, turmalarda yillab azob tortgani uchun, agar haqiqat va adolat bo‘lsa, bitta-ikkita emas, o‘nta aybdor generalni ham o‘sha zaxoti qamoqqa olib, tergov boshlanishi lozim emasmi? General E.A. Didorenko «Chelovek i zakon» jurnalining 1989 yil 2-sonida bosilgan «Kim kimni yengadi: mafiyami yoki biz?» maqolasida bunday deydi: «…Ichki dushman bilan kurashmoq tashqi dushman bilan kurashmokdan ko‘ra qiyinroq».

Ko‘rib turibsizki, general E.A. Didorenko respublikamizda biz hozir tahlil etayotgan Farg‘ona va Qo‘qon fojialari ro‘y bermasdan ancha ilgariroq; «ichki dushmanlari»ni ham aniqlab ko‘ygan edi.

Bu generallar bekorga matbuotga qattiq yopishib olmagan edi. Ishni eplay olmagach, eng qulay ish o‘z-o‘zini «kamtarlik» bilan targ‘ib qilish edi. Bu jinoyatlarni ochishdek qiyin va murakkab ishlardan ko‘ra ancha osonroq edi. Shu sababli ular Moskvada chiqadigan markaziy nashrlarda tez-tez ko‘rina boshladi. Ishga ko‘proq siyosiy tus berish, vaxima qilish, holatni murakkab qilib ko‘rsatish kerak edi.

Sobiq ittifoq prokuraturasi «O‘zbeklar ishi», «Paxta ishi» deb nomlangan tahqirlovchi to‘qima jinoyatlar baxonasida minglab kishilarga asossiz jinoiy ish qo‘zg‘adi. Keyinchalik minglab kishilar oqlandi, minglab kishilar qamoqdan ozod qilindi. Ularga million-million so‘m tovon to‘landi.

Biz yuqorida milliy asosda rejalashtirilgan siyosiy ig‘vogarlik puxta targ‘ibot va tashviqot bilan pardalangan, dedik. Buni isbot qilishga hojat yo‘q, aslida. Chunki o‘zbek xalqiga nisbatan tuhmat va yolg‘on ma’lumotlarga to‘la materiallar respublika va markaziy nashrlarda to‘lib ketgan edi. Biz ulardan bir nechtasini keltirib o‘tamiz va jonli guvoh sifatida tuhmatligini isbotlaymiz.

Masalan, V.Belixning «Trud» gazetasida bosilgan «Farg‘ona. Kecha va ertaga» maqolasini olaylik. Unda Qo‘qon shahrida qurollangan ekstremistlar to‘dasi «Turklarni bo‘g‘ib o‘ldiramiz. Leninning avlodlari – ruslarni bo‘g‘ib o‘ldiramiz. Yashasin Islom respublikasi bo‘lgan O‘zbekiston va Oyatullo Xumayniy» degan jumlalar bor edi. Bu faqat tuhmatgina emas, balki uchiga chiqqan avantyura hamda o‘taketgan darajadagi yolg‘on va to‘qimadir.

O‘zbek xalqi azaldan baynalmilalchi xalq. Biz barcha xalqlarni sevamiz va hurmat qilamiz. Hatto Farg‘onadagi fojiali kunlarda ham hayot buni isbot qildi. 1989 yil 17 iyul kuni bir guruh faollar, matbuot xodimlari Namangan viloyatidan Farg‘onaga borgan edik. Bizni bo‘lgan voqeani o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun yuborishgan edi. Komsomol posyolkasida shunday manzarani ko‘rdik. Yuzlab odamlar bunga guvoh bo‘ldi. Yondirilgan turklarning hovlilari o‘rtasida u yer bu yerda bus-butun hovlilar turardi. Ularning darvozasiga bo‘r bilan «Bu yerda ruslar yashaydi», «Bu yerda tatarlar yashaydi» deb yozib ko‘yilgan bo‘lib, ularga hech kim zarar yetkazmagan edi. Borgan kunimiz ana shu hovlilardan rus, tatar ayollari chiqib, bizga nima bo‘lganini gapirib berishdi. Hatto turklarning ruslarga tutash uylari ham yongan edi.

«Ogonyok» jurnalining 29-sonida bosilgan A.Golovkoning «Ko‘lanka» («Zatmeniye») maqolasi siyosiy ig‘vogarlik targ‘ibotining mukammal namunasidir. Keyinchalik bilsam, bu yerga boshqa viloyatlardan faollarni yondirilgan posyolkani ko‘rish uchun jo‘natishgan ekan. Bundan ko‘zlangan maqsad, xalk, nazarida chindan xam turklar posyolkasini o‘zbeklar yondirgan degan tushunchani mustaxkamlash edi. Bu makkorlik bo‘lib, aslida, posyolkani chetdan kelgan jinoyatchilar yoqishgan edi.

Farg‘ona viloyatiga «milliy asosdagi nizo» baxonasi bilan Sobiq sho‘ro davlatining yigirma mingga yaqin ichki qo‘shin askarlari kiritildi. Ular qanday vazifani bajarishlari kerak edi? Amalda ular nima ishlar qilishdi? Ularning bedodliklari oqibatida yuzlab begunoh odamlar o‘ldirildi, yarador qilindi.

Ichki ko‘shinlarni olib kirishdan da’vo qilingan, ko‘zlangan maqsad Farg‘onada osoyishtalik o‘rnatish edi, Ichki ko‘shinlar yana bo‘lishi mumkin bo‘lgan qotilliklar, to‘polon va tartibsizliklarning oldini olishlari, aholini tinchitishlari kutilardi. Aslida, matbuot xabarlaridan ma’lumki, Farg‘ona mesxeti turklari bilan «nizo» chiqqan paytda ko‘p odam halok bo‘lgan edi. Ichki ko‘shinlar esa undan ko‘prok; odamni otib o‘ldirdilar va yarador qildilar. Bundan tashqari, yana uch yuzdan ortiq begunoh inson jinoiy javobgarlikka tortildi.

Agar har bir o‘lgan, yarador bo‘lgan, qamalgan kishilar hisobga olinsa, bu besh yuz kishidan ortadi. Biz bu yerda o‘lganlar va yaradorlar haqida rasman e’lon qilingan eng kichkina raqamlarni ko‘zda tutmokdamiz, xolos. Juda ko‘p yaradorlar esa tartibsizlikda ishtirok etgansan, deya jazolashlaridan ko‘rqib, poliklinika va kasalxonalarga borishmagan.

Mayli, biz eng oz raqamlar ustida mulohaza yuritaylik. Agar o‘lgan, yarador bo‘lgan, qamalgan besh yuzga yaqin odamni nazarda tutsak, ularning oilasi, bola-chaqasi borligini ham hisobga olishga to‘g‘ri keladi. Bunda Farg‘ona viloyatidan «milliy asosdagi nizo» baxonasida berilgan zarba faqat farg‘onaliklarga emas, balki butun xalqimizga moddiy va ma’naviy jixatdan katta shikast yetkazganligini tasavvur qilish mumkin.

Bu degan so‘z yuzlab yetimlar, bevalar, qarovsiz qolgan oilalar va bolalar demakdir. Shuningdek, bu – yuzlab kelajagi yo‘q qilingan va badnom etilgan kishilar demakdir. Bu Farg‘ona yoki Qo‘qon fojiasi emas, balki butun o‘zbek xalqining fojiasi, kulfati va musibatidir. Shuning uchun ham mazkur siyosiy ig‘vogarlikni fosh etish masalasida avval ham, bugun, qolaversa, kelajakda ham hech qanday kelishuv va murosa qilish mumkin emas. Nega deganda, bu mustaqil O‘zbekistonimizning yaqin o‘tmishdagi tarixidir. Buni hozirgi va kelajak avlodlar to‘liq bilishlari lozim.

Ichki ko‘shinlar Qo‘qonda osoyishtalikni ta’minlamadi. Balki ular vaziyatni sun’iy ravishda keskinlashtirdi. 7-8 iyun kunlari Qo‘qondagi sobiq Lenin nomli maydonda tinch o‘tirgan odamlar, tinch aholining vertolyot hamda yerdan turib tikka otilishi mislsiz jinoyatdir. Bu sho‘ro davlatining davlat terrorizmi bo‘lib, ichki qo‘shinlarning aholini tinchitish emas, jazo guruxlari sifatida ularni bostirish uchun kelganini yaqqol ko‘rsatdi.

Qo‘qonda aholi butkul himoyasiz qoldi. Maydonda sarosimaga tushib qochgan kishilarning ko‘pchiligi orqasidan otib o‘ldirildi va yarador qilindi. Eng yomoni shundaki, ana shu joyda mahalliy firqa va sho‘ro tashkilotlarining rahbarlari ham bor edi. «Echkiga jon qayg‘u, qassobga yor qayg‘u» deganlaridek, ular otilayotgan odamlarni emas, ko‘proq amalni o‘ylashdi. Qonli voqeaning ustida bo‘la turib, lom-mim deya olishmadi. Otilayotgan odamlarni qonga belangan shifokorlardan boshqa hech kim pana qilmadi. Shu voqeadan keyin Qo‘qonda dunyoning hali biror joyida bo‘lmagan pastkashlik ro‘y berdi. Bir gurux shaxar rahbarlari hamda haqiqatni bo‘yab yozgan muxbirlar «Jasorati uchun» medaliga tavsiya qilindi va ularga medal topshirildi. Agar dunyoda makr va riyokorlik uchun beriladigan mukofot bo‘lsa, bu mukofot ana shunday mukofot edi.

Agar yer yuzida zarracha adolat bo‘lsa, bu odamlarga qattiq jazo berilishi lozim bo‘lardi. Modomiki, faraz qilaylik, Qo‘qonda g‘alayon ko‘tarilgan bo‘lsa, bu shaxarda ommaviy-siyosiy, tarbiyaviy ishlarning bo‘sh tashkil etilganligi, aholi bilan yetarlicha g‘oyaviy ish olib borilmaganligini ko‘rsatmasmidi? Bu axoli talablari o‘rganib borilmaganligini ifodalamaydimi? Bu – ularning turli sohalarda ijtimoiy ehtiyojlari qondirilmay kelinganligini bildirmaydimi? Agar bunga mantiqan baho beradigan bo‘lsak, Qo‘qon shahar rahbarlari qanday qilib medalga sazovor bo‘lishlari mumkin? Bu mukofot emas, balki ularning ko‘rganlarini ko‘rmaganlikka olib turishlari uchun ko‘zlariga to‘silgan pardadir! Balki bu ularning bilganlarini aytmasliklari uchun og‘izlariga tikilgan ipdir! Bundan boshqacha bo‘lishi mum-kin xam emas.

Farg‘ona viloyatida, xususan, Qo‘qon shahrida siyosiy ig‘vogarlik tashkil etgan kimsalar hamma ishni puxta qilishgan. Biroq ular asosiy masalada yanglishgan edi. Ular xalqimizning hozirgi bilim darajasi, dunyoqarashi kengligini hisobga olmadi. Hamma narsa pinhonligicha qolib ketadi, deb, chuchvarani xom sanagan edi. Afsuski, ularning bu shum niyati fojialarning dastlabki kunlaridayoq fosh etildi. Sobiq sho‘ro davlati o‘z niyatiga yetolmadi. U o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urdi. Sho‘ro davlati O‘zbekistonda amalga oshirgan milliy asosdagi qonli ig‘vogarlikni turli ko‘rinishlarda boshqa qardosh respublikalarda ham tashkil etgan edi. Natijada uning o‘zi barham topdi va butkul tanazzulga yuz tutdi.

 

Abdulla Jalil