O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashida Prezidentning yoshlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev yoshlar oldida hisobot berdi.

Ochiq muloqotda O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar, amaliyotga tatbiq etilgan loyihalar, erishilgan natijalar tahlil etildi.

Yurtimizda yosh avlodni barkamol inson, yetuk kadrlar etib tarbiyalash hamisha muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Yoshlarga oid qonun, qarorlarning muntazam qabul qilinayotgani va ularning hayotga izchil tatbiq etilayotgani fikrimizning dalilidir. Yosh avlodning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarining takomillashuvi yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.

Ittifoq qoshida Yoshlar qabulxonasining tashkil etilgani ham bu borada samarali natijalarga erishishda muhim omil bo‘ldi. Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Buxoro va Namangan viloyatlarida beshta “Yoshlar markazi” qurildi. Uning qoshida turli to‘garaklar tashkil etish, yoshlarni birlashtirish maqsadida loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotir. Kelgusi yilda bu kabi markazlarni boshqa viloyatlarda ham qurish ishlari davom etadi.

Yoshlarni ish bilan ta’minlash, ular uchun uy-joylar qurish, xorijda o‘qishi, malaka oshirishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Samarqand viloyatida yashovchi Kamoliddin Alikovning 35 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashildi. U ayni vaqtda non va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sex ochib, o‘zi kabi yetti nafar yetim yigit-qizning bandligini ta’minladi.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida tizimli chora-tadbirlar ko‘rildi. To‘g‘ri yo‘ldan adashgan, jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan 24 nafar yigit-qiz tashkilotning kafolatiga asosan sud zalidan ozod etildi, 252 nafar afv etilgan yoshlar Ittifoqning faol yoshlariga biriktirildi. Ularni foydali mehnatga jalb etish loyihasi doirasida 144 nafari ish bilan ta’minlandi.

Kelgusi yilda 2 ming 149 ta arzon uy-joy qurilib, foydalanishga topshiriladi. 2018-2021-yillarda 258 ko‘p qavatli uy quriladi. Imkoniyati cheklangan, ijodkor, faol, turli loyihalarda ishtirok etayotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan yoshlar ushbu uy-joylarni imtiyozli ravishda olishi mumkin.

Xorijga ishga va o‘qishga boradigan yoshlarning bilimlarini mustahkamlashga e’tibor qaratiladi. 2018-yil 5-yanvardan boshlab kollejlar, litseylar, ta’lim muassasalari qoshida til o‘qitish va kasb o‘rgatish kurslari tashkil etiladi.

Salohiyatli kadrlarni voyaga yetkazish, bilimini mustahkamlash, malaka oshirishiga ko‘maklashish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan ham ma’lumot berildi.

Onlayn tarzda tashkil etilgan ochiq muloqotda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

Barno Meliqulova, O‘zA