Davlatimiz tomonidan kichik biznes subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga yangi turdagi zamonaviy xizmatlarni taklif etish va mavjud xizmat turlari sifatini oshirish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi hamda «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan, xususan, sug‘urta, yuridik va boshqa turdagi xizmatlarni samarasini oshirishga bag‘ishlangan seminarda shular xususida so‘z bordi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda sug‘urta bozori tobora rivojlanib bormoqda. Bunga birinchi navbatda, sug‘urta kompaniyalarining sog‘lom raqobati natijasida vujudga kelayotgan sifatli sug‘urta xizmatlari, ishlab chiqaruvchilar hamda xaridorlar talabiga mos ravishda sug‘urta turlarining ko‘payib borishi bosh omil sifatida e’tirof etilmoqda. «O‘zbekinvest» EIMSK kafolatlangan sifat asosida bugungi kunda sug‘urta bozorining yetakchi kompaniyalaridan biriga aylangan. Kompaniya o‘z xizmatlarini nafaqat yuridik, balki jismoniy shaxslarga ham qulay va sifatli tarzda taklif etmoqda.

Seminarda ta’kidlanganidek, 2017-yil O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan ilk marotaba qo‘shni davlatlar va Rossiya Federatsiyasida tashkil etilgan «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» rukni ostidagi milliy ko‘rgazmalar natijasiga ko‘ra qiymati 80 million AQSh dollaridan ortiq eksport shartnomalari imzolandi.

2018-yilning Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nomlanishi kelgusi yili faol tadbirkorlikni rivojlantirish borasida boshqarma oldiga ham qator dolzarb vazifalarni qo‘ydi. Shundan kelib chiqib, 2018-yilda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Boshqarma tashqi iqtisodiy aloqalar sektori boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Barotovning ta’kidlashicha, mazkur chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, mamlakatimizda innovatsion tadbirkorlar bilan hamkorlikda innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu ko‘rgazmaga xorijiy hamkorlar, tadbirkorlar va ekspertlarni jalb etish belgilangan. Shuningdek, 20 ga yaqin tadbirkorni xorij tajribasini o‘rganish, tajriba almashish maqsadida Germaniyaga yuborish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksportini oshirish, mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga ko‘maklashish maqsadida joylarda amaliy seminarlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi vakilining tovar belgilarini olish, ularni rasmiylashtirish va himoya qilish bo‘yicha ma’ruzasi tinglandi. Tadbirkorlar savollariga javob qaytarildi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA