Bugun Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari saylovining dastlabki natijalari ma’lum qilinadi

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov yakunlandi. Bu haqda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Yagona matbuot markazida Toshkent vaqti bilan soat 21.00 da ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda Toshkent shahar saylov komissiyasi raisi H.Karimov ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda 1 million 188 ming 851 nafar poytaxtlik ishtirok etdi. Bu ro‘yxatga kiritilgan umumiy saylovchilarning 76,2 foizini tashkil etdi. Shunday qilib, «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasiga muvofiq Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovi o‘tgan, deb hisoblanadi.

Saylov milliy qonunchiligimizga, unda belgilangan tenglik, ochiqlik, oshkoralik va adolatlilik kabi demokratik tamoyillar, xalqaro standartlarga to‘la muvofiq holda o‘tkazildi. Joylardan saylov qonunchiligi buzilgani haqida ma’lumot tushmadi.

Joriy saylovda saylovchilarning Yagona elektron ro‘yxati axborot tizimi huquqiy eksperiment sifatida amalga oshirildi.

Yangi tizim bir saylovchining faqat bir ro‘yxatga kiritilishini ta’minlaydi. Bu «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasida belgilangan «Har bir fuqaro — saylovchi bir ovozga ega» degan demokratik saylov tamoyilini amalda ta’minlaydi.

Saylovchilarning Yagona elektron ro‘yxati saylovda ishtirok etayotgan saylovchilar sonini elektron tarzda hisoblab borish imkonini ham yaratadi.

Ushbu tizimni keyinchalik yanada takomillashtirish va mamlakatimiz saylov amaliyotiga keng tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.

Brifingda hozirda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga har bir nomzod bo‘yicha berilgan ovozlar saylov uchastkalarida sanab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Saylovning dastlabki natijalari 25 dekabr kuni soat 16.00 da o‘tkaziladigan brifingda e’lon qilinadi.

 

Bеhzod Bozorov, Oqil G’ulomov (surat), O‘zA