Toshkent shahrida saylovchilarning 20,4 foizi ovoz berdi

24-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 13.00 da Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovini yoritish bo‘yicha Yagona matbuot markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

Brifingda Toshkent shahar saylov komissiyasi raisi H.Karimov bugun soat 6.00 da Toshkent shahrida tashkil etilgan 885 ta saylov uchastkasi ochilganini ma’lum qildi.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylovda qatnashayotgan barcha siyosiy partiyalar va o‘zini o‘zi boshqarish organlari Toshkent shahrining 11 ta tumanida tashkil etilgan jami 330 ta saylov okrugiga bittadan nomzod ko‘rsatdi. Ya’ni, poytaxtlik saylovchilar 1 ming 650 nafar deputatlikka nomzod orasidan Toshkent shahar tuman Kengashlariga 330 nafar deputatni saylaydi.

Brifingda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylov jarayonida siyosiy faollik ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 1 million 560 mingdan ziyod saylovchining 334 mingdan ortig‘i Toshkent vaqti bilan soat 13.00 gacha ovoz berishda qatnashgani ma’lum qilindi. Bu saylovchilar umumiy sonining 20,4 foizini tashkil etadi.

«Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasiga asosan, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanadi. Basharti, saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa — saylov o‘tmagan deb topiladi. Saylovning bo‘lib o‘tgan yoki bo‘lib o‘tmagani Toshkent shahridagi 11 ta tumandagi saylovchilar sonidan kelib chiqib aniqlanadi. Ya’ni, saylovchilarning 33 foizdan ko‘prog‘i ovoz bergan tumanlardagina saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi.

Toshkent shahar saylov komissiyasi raisi keng jamoatchilikni ovoz berish jarayonidan xabardor qilish bo‘yicha navbatdagi brifing soat 17.00 da bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.

5 s.jpg

 

Behzod Bozorov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA