Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘ida bunyod etilayotgan «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazining takomillashtirilgan loyihasi bilan tanishdi.

Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizga xorijlik investorlarni jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilayotir. Dunyo tajribasida ishbilarmonlar uchun umumiy majmua sifatida biznes markazlari yaratish tajribasi keng qo‘llaniladi. Bu ularning samarali faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Poytaxtimizda barpo etilayotgan xalqaro ishbilarmonlik markazi ham zamonaviy va qulayligi jihatidan noyob loyiha, deya baholanmoqda.

Президентимиз Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28-oktabr kuni «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazi barpo etilayotgan hududda bo‘lib, buyurtmachi va quruvchilar oldida turgan vazifalar, tashkiliy va moliyaviy masalalarni joyida muhokama qilgan, loyihalarni yanada takomillashtirish, qurilishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Davlatimiz rahbari topshiriqlar ijrosi yuzasidan takomillashtirilgan loyihalarni yana bir bor ko‘zdan kechirdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi «Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzurida «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi obyektlarni qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha direksiya tuzilgan.

Davlatimiz rahbari xalqaro ishbilarmonlik markazining ma’muriy binosida bo‘ldi. Bu yerda yaratilayotgan loyihalar, ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

«Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazining takomillashgan konsepsiyasiga ko‘ra, bino va inshootlar turli qurilish tashkilotlari tomonidan barpo etilmoqda. Loyihalarni mamlakatimiz ishbilarmonlari Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning investorlari bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

Prezidentimiz qurilishga jalb qilingan investorlar bilan suhbatlashdi. Ularning fikrlari va tashabbuslari bilan qiziqdi.

Bugun xalq tilida “shahar ichidagi shahar”, deya e’tirof etilayotgan markaz qurilishi ikki bosqichda yaqin to‘rt yilda yakuniga yetkaziladi.

Президентимиз «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazida qurilayotgan bino va inshootlarning bir-biriga uyg‘un bo‘lishi, dizayn jihatidan biri ikkinchisini to‘ldirishi kerakligini ta’kidladi.

 

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA