O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan “Milliy internet tanlovi” doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazilmoqda. Yoshlar press klubida tashkil etilgan navbatdagi ana shunday loyihada mamlakatimizning barcha hududlaridan yosh dasturchilar, veb-sahifa yaratuvchilari, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan o‘quv yurtlari talabalari qatnashdi.

Mamlakatimizda AKT sohasini yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, 2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi asosida erkin va ochiq dasturiy ta’minotdan foydalanishni rivojlantirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Jahonning yetakchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ishlab chiqaruvchilari va oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani mamlakatimizda AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ular malakasini oshirish, dasturiy ta’minot yaratuvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkonini bermoqda.

Dasturiy ta’minotni ishlab chiqish zamonaviy AKTni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Texnologik tendensiyalarni yanada rivojlantirish, o‘z navbatida, dasturiy mahsulot va xizmatlar marketingi, yuqori texnologik marketing muammolari va cheklovlari borasida chuqur bilim va malakani talab etadi. Belarus davlat universitetining informatika va radioelektronika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassisi Vladimir Parximenko ishtirokida tashkil etilgan mahorat saboqlarida shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

– O‘zbekistonga birinchi bor kelishim, – deydi V.Parximenko. – Mashg‘ulotlarda o‘zbek yosh dasturchilarining yuqori texnologiyalardan yaxshi xabardor ekaniga guvoh bo‘ldim. E’tiborlisi, o‘zbekistonlik yoshlar mazkur sohaga shunchaki kasb, deya emas, balki mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilab beruvchi ustuvor yo‘nalish sifatida qarashmoqda. Bugungi mahorat darslari ijobiy mazmundagi sifatli internet-resurslarni yaratishni tashkil etish, yosh veb-dizayner va dasturchilarni yangi biznes g‘oyalar sari ilhomlantirishga xizmat qildi.

Mashg‘ulotlar o‘zaro fikr va tajriba almashish ruhida, qizg‘in ijodiy kayfiyatda o‘tdi.

– Axborot texnologiyalari dunyo miqyosida jadal taraqqiy etmoqda, – deydi qashqadaryolik Jonibek Qodirov. – Bu biz singari soha mutaxassislarini o‘z ustida doimiy ishlashga undaydi. Kelgusida internet saytlarini yaratish yo‘nalishida faoliyat yuritishni rejalashtirganman. Bunda bugungi tadbirda olgan bilim va ko‘nikmalarim asqatishiga ishonamiz.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA