Zamonaviy davlatchiligimiz tarixida ulkan o‘zgarish yasagan voqeaO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabr kuni mamlakatimiz tarixida birinchi marta Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etdi.

Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tgan anjumanda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, nodavlat tashkilotlar faollari ishtirok etdi. Yig‘ilishni videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy kengashlar deputatlari, barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, mamlakatimizning chet ellardagi elchilari kuzatib bordi.

44.JPG

Murojaatnomada 2017-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari o‘z ifodasini topdi.

Murojaatnoma konsepsiyasi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq tuzilgan. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar kabi besh qismda bu sohalarda amalga oshirilgan ishlar atroflicha bayon qilindi.

47.JPG

Murojaatnoma ham hajman, ham mazmunan juda keng. Uning mazmun-mohiyatida bir tamoyil “qizil ip” bo‘lib o‘tadi. U ham bo‘lsa, xalq manfaati, xalqqa xizmat qilish, xalqni e’zozlash!

Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat idoralari xalqqa xizmat qiladigan, ularning faoliyatiga xalq baho beradigan tizim yaratildi. Mamlakatimiz hayotiga doir qarorlar xalqimiz bilan bevosita muloqot, odamlarning xohish-istaklari asosida qabul qilinmoqda. Barcha darajadagi rahbarlar xalq oldida hisob bermoqda.

Mazkur Murojaatnoma davlatimiz rahbarining yakunlanayotgan yil bo‘yicha xalqimiz oldidagi o‘ziga xos hisoboti ham bo‘ldi. Shuningdek, Murojaatnomada mamlakatimizni kelgusida har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi, bir qancha qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari taklifi bilan yangi – 2018-yilga mamlakatimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berildi.

Tadbir ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Prezidentimiz xalqimizni qiynayotgan, taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotgan ko‘pdan-ko‘p muammolar haqida ochiq-oydin gapirdi. Balandparvoz iboralar, soxta raqamlar emas, achchiq bo‘lsa-da, xaqiqiy ko‘rsatkichlar aytildi. Ilgari kuzitilmagan bunday jasorat va qat’iyat odamlarning ishonchi, hurmatini qozondi.

Vaqtlar o‘tadi. Prezidentimizning bu Murojaatnomasi zamonaviy davlatchiligimizda ulkan o‘zgarish yasagan tarixiy nutq bo‘lib qoladi.

 

Anvar Samadov, Sarvar O‘rmonov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA