O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik joriy yilda har tomonlama mustahkamlandi. Jumladan, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida Parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshida ikki tomonlama aloqalar bo‘yicha parlament guruhlari tuzildi. 

Mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekov davlatimiz rahbari bilan muloqotdan so‘ng O‘zA muxbiriga ikki tomonlama hamkorlik haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinganimizni yuksak qadrlaymiz. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan intilish ifodasidir.

Eng to‘g‘ri gapni Shavkat Mirziyoyev aytdi: bu yil O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari rivojida tarixiy yil bo‘ldi. To‘siqlar olib tashlandi, hamkorlikka keng imkoniyatlar ochildi. Kelgusi yillarda mamlakatlarimiz hamkorligi mavjud salohiyat darajasiga ko‘tarilishiga ishonamiz.

Uchrashuvda buning uchun parlamentlar o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashi, hukumatlar yaqin hamkorlikda ishlashi zarurligi ta’kidlandi.

Biz ham o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan tez-tez uchrashib turish, imzolangan hujjatlarni ratifikatsiya qilish va amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldik.

Xalqlarimiz hamjihatligi yanada mustahkamlanishi, farovonligi izchil oshib borishini tilayman.

 

Anvar Samadov, O‘zA