Orzusiga yetgan qiz

Mehr-muruvvat oyligi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning og‘irini yengil qilish, quvonchu tashvishiga sherik bo‘lish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bunda ular orasidan yetishib chiqayotgan yosh iqtidor egalarini yuzaga chiqarib, jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlashga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Poytaxtimizning «Istiqlol» san’at saroyida bo‘lib o‘tgan Dildora Kunuzoqovaning “Shu yurt uchun jon fido” deb nomlangan xayriya konserti bu borada amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning yaqqol namunasidir.

2.JPG

O‘zbekiston nogironlar jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirga jamiyat a’zolari, taniqli san’atkorlar, san’atsevarlar va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.

O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisi K.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti O.Otajonov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda Mehr-muruvvat oyligining keng miqyosda o‘tkazilishida muhim dasturilamal bo‘layotganini alohida ta’kidladi.

Dildora Kunuzoqova 1981-yil Navoiy viloyatida tug‘ilgan. U 16 yoshida avtohalokatga uchraydi. Yigirma sakkiz marotaba jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan matonatli qiz yaqinlari va shifokorlarning ko‘magida hayotga qaytdi. Taqdir unga hayot sinovlari bilan jarangli ovozni ham qo‘shib bergan ekan…

Dildora bugun dardu orzularini misralarga solib, kuy va qo‘shiqlarda ijro etmoqda.

14.JPG

– Mana shunday ulug‘ san’at dargohida muxlislar olqishiga sazovor bo‘lganimdan boshim ko‘kka yetdi, – deydi u. – Yaxshi niyat, yarim davlat deganlaridek, bu sahnada kuylash mening bolalik orzuim edi. Orzuimga erishib, o‘zimga ishonch ortdi. O‘z ustimda ishlashga men yana kuch topdim.

– Davlatimiz tomonidan yosh avlodga qaratilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor tufayli yoshlarimiz baland cho‘qqilarga chiqmoqda, – deydi nogironlar jamiyati a’zosi Ziyoda Butunboyeva. – Shunday imkoniyatlar Dildora Kunuzoqovaning ijodiy qirralarini ochishga turtki bo‘ldi. O‘zim ham birinchi guruh nogironiman. Uyda o‘tirib, ziraklar, taqinchoqlar yasayman. Dildoraning konserti san’at saroyida to‘planganlar qatori menda ham katta taassurot qoldirdi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA