Mehr-muruvvat oyligi doirasida yurtimizning har bir go‘shasida keng ko‘lamli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Bunda aholining ehtiyojmand qatlamlari, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish, tibbiy-ijtimoiy ko‘mak berish barobarida ular uchun ommaviy-madaniy va sport tadbirlari, uchrashuvlar hamda aksiyalar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy himoya – taraqqiyot garovi» deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham ulardan biri.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur oylik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ezgu va xayrli ishlarning yanada samarali davom etishida muhim dasturilamal bo‘layotgani ta’kidlandi.

– Bugungi tadbirni tashkil etishdan maqsad maktab-internatlar o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarini muzey faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdir, – deydi muzey direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nargiza Ahmedova. – Shu bilan birga, teatrlashtirilgan musiqali tomoshalar ko‘rsatib, ularga xush kayfiyat ulashish.

– Barcha tengdoshlarim qatorida ushbu tadbirda qatnashayotganimdan juda xursandman, – deydi 30-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Samandar Ahmedov. – Tadbirda Bosh qomusimiz haqida ma’lumotlar berildi. Tengdoshlarimning musiqali chiqishlaridan zavq oldim. O‘zim futbolga juda qiziqaman. Rasm chizish bo‘yicha tanlovlarda ham ishtirok etganman. Shu maqsadlarim sari intilish yuksak orzuimdir.

Tadbir doirasida o‘quvchilarning tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlarida yaratgan ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga sovg‘a-salomlar ulashildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA