O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, noqonuniy tekshirishlar o‘tkazilishining oldini olish, ayniqsa, davlat organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkorlik subektlarining faoliyati asossiz to‘xtatilishiga va zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tomonidan Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tadbirkorlik subektlarida o‘tkazilayotgan tekshirishlarning qonunchilik talablariga mosligi tizimli ravishda tahlil qilib borilmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy sayti.

Tahlillar tadbirkorlik subektlarini nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan ayrim vazirlik va idoralarda tekshirishlarni tartibga solishga doir qonunchilik talablari xodimlarga yetkazilmagani va bu borada talab darajasida nazorat o‘rnatilmagani oqibatida noqonuniy tekshirishlarga yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida noqonuniy tekshirishlarga yo‘l qo‘yilishida aybdor bo‘lgan rahbar va mansabdor shaxslarning intizomiy javobgarligini ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga 17 taqdimnoma kiritildi.

Xususan, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nazorat organlariga 5 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi nazorat organlariga 3 ta, Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish hamda «Ergeodezkadastr» davlat qo‘mitalariga 2 tadan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va «Avtodaryotrans» agentligiga 1 tadan taqdimnomalar kiritildi.

Ushbu taqdimnomalar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilib, noqonuniy tekshirishlarga yo‘l qo‘yganligi uchun 7 nafar rahbar va mansabdor shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 14 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 7 nafariga «hayfsan» yoki «tanbeh» intizomiy jazo choralari qo‘llanildi, 8 nafar xodim o‘rtacha oylik ish haqining 20-50 foizigacha jarimaga tortildi.