Inson borki, bu yorug‘ olamda tinch-totuv, emin-erkin umrguzaronlik qilish, bolalarini tarbiyali, odob-axloqli, bir-biriga mehr-oqibatli qilib voyaga yetkazishni niyat qilib yashaydi. O‘zidan yaxshi amallar, solih farzandlar qolishini orzulaydi. Bunga erishgan paytlari xotirjam bo‘ladi, erishmaganida ko‘ngli g‘am-g‘ussaga to‘ladi.

Keyingi ikki ming yillik tarix sahifalarida, taassufki, tinchlik, xotirjamlikdan ko‘ra g‘am-g‘urbat, ayriliq, og‘ir yo‘qotishlar ko‘p desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Jahon miqyosidagi qirg‘inbarot urushlar, bosqinchilik yurishlari necha-necha avlodlarning uyini vayron qildi, uyiga, dalasiga, rizq-nasibasiga o‘t qo‘ydi. Inson zotiga xos bo‘lmagan ne-ne padarkushliklar el-yurtni bir-biriga yovlashtirdi. Yigirmanchi asrning so‘nggi choragi dunyo miqyosida misli ko‘rilmagan qurollanish poygasi, harbiy mushtni namoyish qilish, qurolbozlik, do‘qbozlik bilan o‘tdi. Bunday harakatlar odamlarning hayoti, turmush darajasiga, ob-havo, yer, suv va tabiatga, demakki, kelajak nasllarning rizq-ro‘ziga, tinchligiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, albatta. Bunday paytda oddiy insoniy ma’rifat, diyonat, siyosiy madaniyat, “xalq diplomatiyasi” najotkor kuch sifatida maydonga chiqadi. Shu kuch orqali o‘ta chigal va murakkab holatlarda ham eng to‘g‘ri va adolatli yechimlarni topish, muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilish mumkin bo‘ladi. Tarixda bunga misollar ko‘p.

Bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyo shunday bir pallaga kirdiki, odamlar uyushmagan, birlashmagan, murosa yo‘lini  topa olmagan joyda muammolar, keskinliklar uyushib, birlashib ketmoqda. Bu jarayonni endilikda hech bir davlat o‘z holicha emas, uyushib, birlashib, bamaslahat hal qilishi mumkin. Buning uchun yaxshi qo‘shnichilik, samimiy hamkorlik, o‘zaro hurmat-e’tibor, mintaqa imkoniyatlaridan, tabiiy boyliklardan samarali va oqilona foydalanish zarur bo‘ladi.

Albatta, u yoki bu mintaqada joylashgan davlatlarning o‘z qarashlari, maqsad-muddaolari bor. Ammo yangi asrning dastlabki choragida bir-ikki joyda emas, dunyoning deyarli barcha mintaqalarida shunday muammolar yuzaga qalqib chiqdiki, ularni hech kim “bu bizga yoki menga tegishli emas”, deya olmaydi. Inson hayotiga chirmovuqday yopishib kelayotgan illatlar  — giyohvandlik, mutaassiblik, odam savdosi, terror harakatlari ana shunday muammolar hisoblanadi. Bu illatlarning urchib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, eng avvalo, yoshlar tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bandlik masalasiga e’tibor berish, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratish, yaqin qo‘shnilar bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish zarur bo‘ladi. Ulug‘ ajdodlarimiz bu yo‘lning naqalar to‘g‘riligini ko‘p bor isbotlab bergan.

Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab dunyo kezgan tujjorlar faqat savdo-sotiq bilan shug‘ullanishmagan, bu ish bilan birga, madaniyat, ma’naviyat, insof-diyonat, halollik-poklik elchilari sifatida borgan joylarida ko‘rgan ibratli narsalarini o‘z yurtlariga olib kelgan, o‘z mamlakatlaridagi yutuqlarni o‘zga ellarda targ‘ib qilgan.

Tarixdan yana shu narsa ma’lumki, savdo, ilmiy, madaniy va boshqa aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan mintaqalarda hayot barqarorlashgan, tinchlik-totuvlik hukm surgan.

Sohibqiron Amir Temurning Farangiston qiroli Karl VI ga yo‘llagan maktubida quyidagilarni o‘qiymiz:  «Endi ul Amiri Kabirdan iltimosimiz va umidimiz shulki, bizga muborak maktublarini hamisha yo‘llab tursalar, toki ular bizni Amiri Kabirning salomatliklaridan xabardor etib, bu sohada xotirimizni jam qilg‘ay. Yana hazratlari o‘z tojirlarini biz tomon yuborsalar va biz ularning hurmat-e’tiborlarini bajo keltirsak, ularning hurmat-izzatlari saqlansa, ularga hech kim zo‘rlik ko‘rsatmasa, ziyon yetkazmasa. Chunki dunyo tojirlar bilan oboddir. Risolatni (elchilikni) ham o‘rnaturmiz. Davlatlari uzoq yillar komronlikda bo‘lsin”.

Bundan ko‘rinadiki, davlatlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro ishonch aloqalarini  yo‘lga qo‘yish bizga qadim ajdodlardan meros. Shu ma’noda keyingi bir yil ichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uzoq va yaqin davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda tuzilmalar bilan hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik  aloqalarini yangi sifat va samara bosqichiga ko‘tarish yo‘lidagi amaliy harakatlari va buning xalqimiz, qo‘shni davlatlar xalqi hayotida yaqqol ko‘zga tashlanayotgani, shubhasiz, quvonarli holdir.

2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash alohida vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbarining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida esa fuqarolar totuvligi barqarorligini, turli millatlar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va hamjihatlikni ta’minlash, vatandoshlarimiz ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada kengaytirish, ushbu yo‘nalishda bajarilayotgan ishlarni va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali muvofiqlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Bugun nainki xalqimiz, dunyo hamjamiyati O‘zbekistonning xalqchil va istiqbolli yangi yo‘li berayotgan natijalarga guvoh bo‘lib turibdi. Davlatimiz  rahbarining xorijiy davlatlarga rasmiy tashriflari doirasida imzolanayotgan o‘zaro hamkorlik shartnomalari, turli bitim va kelishuvlar xalqimiz hayotini yanada farovon bo‘lishiga, mamlakatning umumiy rivojiga xizmat qilmoqda. Bunga keyingi bir necha oy ichida tamomila yangilangan, yangicha ma’no va mohiyat kasb eta boshlagan O‘zbekiston-Qirg‘iziston aloqalari misol bo‘la oladi. So‘nggi vaqtlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy hamkorlik aloqalari sezilarli ravishda faollashdi. Davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegatsiyalar almashinuvi, madaniyat, san’at va boshqa sohalar vakillarining ijodiy, qo‘shma tadbirlari amalga oshirildi. Azaldan bir daryodan suv ichib kelayotgan, hosil dalasi va yaylovlari bir-biriga tutash, bir-biriga yelkadosh, taqdirdosh, tarixi umumiy, madaniy va diniy qadriyatlari mushtarak, urf-odatlari bir-birini to‘ldiruvchi xalqlar bugun bir-biriga yanada yaqinlashdi, o‘rtadagi sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Chegara tumanlarida yashovchi fuqarolarning ancha yillardan beri uzilib qolgan bordi-keldilari yo‘lga qo‘yildi, bir-biridan uzoqlashgan oilalarning bag‘ri to‘ldi.

“Chegaralar ochildi, har ikki   tomonda bir-birlarini sog‘inib yashayotgan do‘st-qadrdon, qarindosh-urug‘ning bag‘rilari ham ochildi, — deydi Jalolobod viloyatidagi Safed Bulon qishlog‘ida yashovchi nuroniy otaxon Boyaston Qosimov. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xalqlarimiz o‘rtasida tarixan shakllangan qardoshlik va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yuksak qadrlaymiz”, degan so‘zlaridan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi”.

Davlatlar o‘rtasidagi aloqalar doimiy ravishda rivojlanib borishi kerak. Shundagina bu hamkorlik har ikki  tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi. Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi, mamlakatimiz rahbari bilan o‘tkazadigan muzokaralari ikki o‘rtadagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishi shubhasiz.

Ahmadjon Meliboyev,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti.

 

O‘zA