Amur yo‘lbarsi va tog‘ bo‘risi uch, Afrika sheri, Avstraliya tuyaqushi va arxar ikki, qo‘ng‘ir ayiq va Morxo‘rning bolasini ko‘rmoqchi bo‘lganlar mamlakatimizning janubiy darvozasi – Termizga tashrif buyurishining o‘zi kifoya. 

Termiz hayvonot bog‘ida dunyoning turli hududlarida uchraydigan Amur yo‘lbarsi, Osiyo sheri, Buxoro bug‘usi, Qor barsi kabi 133 turdagi 421 hayvon, parranda-yu darranda parvarish qilinmoqda. Hayvonot bog‘ida “Qizil kitob”ga kiritilgan Hindiston buqasi, dengiz toshbaqasi singari jonivorlar 30-40 yildan buyon odamlarga o‘zgacha zavq-shavq ulashib kelmoqda.

– Surxondaryo turli hayvonlarning mahalliy sharoitga tez moslashishi va ko‘payishi uchun qulay iqlimga ega, – deydi Termiz hayvonot bog‘i veterinar vrachi M.Bekxonov. – Joriy yilda bu yerda Amur yo‘lbarsi va tog‘ bo‘risi uch, Afrika sheri, Avstraliya tuyaqushi va arxar ikki, qo‘ng‘ir ayiq va Morxo‘r (burama shoxli kiyik) bir boshga ko‘paygani, ayniqsa, bog‘imizni miriqib tomosha qilish istagida kelayotgan bolajonlarda katta qiziqish uyg‘otayotir. Ularni qish mavsumida ham bu yerga chorlab qolamiz.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA