Qirg‘iz xalqining atoqli adibi Chingiz Aytmatov asarlari o‘zbek kitobxonlari qalbidan ham munosib joy olgan. Adibning deyarli barcha asari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Uning serqirra ijodi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Chingiz Aytmatov tavallud kuniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanda ana shular haqida so‘z yuritildi.

Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va qator jamoat tashkilotlari vakillari, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar qatnashdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori O.Xolmuhamedov va boshqalar Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz adabiyotiga, balki o‘zbek adabiyotiga ham munosib hissa qo‘shganligini, adibning deyarli barcha yirik asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinganini ta’kidladi. Ijodkorning o‘z davrida Mirtemir, Zulfiya, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukrullo, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Maqsud Qoriyev, Asil Rashidov, Tursunboy Adashboyev va boshqa o‘zbek adabiyoti namoyandalari va adabiyotshunoslari bilan bog‘lagan ijodiy aloqalari va mustahkam do‘stlik rishtalari bugungi yoshlar uchun haqiqiy ibrat maktabi vazifasini o‘tayotir.

Bugungi kunda yurtimizda Chingiz Aytmatovning serqirra ijodi, davlat va jamoat arbobi sifatidagi faoliyati to‘g‘risida tadqiqotlar olib borilmoqda. Oliy o‘quv yurtlarida adibning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kechalar o‘tkazilmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan doimiy ekspozitsiya tashkil etilgan.

– Chingiz Aytmatov jahon xalqlari yozuvchisidir, – deydi Milliy universitet dotsenti Ahmadjon Meliboyev. – Uning asarlari butun dunyo kitobxonlarining ma’naviy mulkiga aylangan. Adib ijodida tarannum etgan olijanob fazilatlar insonni, insoniyatni ulug‘laydi. Shuningdek, uning badiiy publitsistik va adabiy tanqidiy maqolalari, romanlari va qissalarining g‘oyaviy-badiiy mohiyati dunyoda tinchlik, insoniy mehr-muhabbatni saqlash va ona zaminni asrashga da’vat etadi. Ijodkorning badiiy tafakkuri, betakror iste’dodi, so‘z ustida ishlashi, teran va ko‘p ma’noli matni, asarlarining tili, falsafasi hamisha mahorat maktabi bo‘lib qoladi. Ch.Aytmatov “Mening taqdirim o‘zbek xalqi taqdiriga o‘xshaydi”, deya bizning xalqimiz tarixi, madaniyatiga o‘z mehr-muhabbatini izhor etgan. Bu so‘zlar zamirida teran ma’no bor. Adib xalqimiz tarixi va madaniyatini, boy ma’naviy merosini yaxshi bilardi, chuqur his etardi.

Anjumanda Chingiz Aytmatov asarlarining yangi nashrlari, yangi tarjimalari, targ‘iboti va o‘rganilishi, o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar borasida fikr almashildi. Ch.Aytmatov ijodiy faoliyatiga oid ma’ruzalar tinglandi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA