O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari O‘.Muhamedov va boshqalar mamlakatimizda yuqori malakali, bilim va salohiyatga ega ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi. Prezidentimizning 2017-yil 16-avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilayotir.

Anjumanda ichki ishlar tizimini malakali kadrlar bilan tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar muhokama etildi.

Hozirgi kunda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarini professor-o‘qituvchilar, sohaviy fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan kadrlar bilan ta’minlash, nazorat va huquqni muhofaza qilish organlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni o‘quv jarayoniga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘qitishning zamonaviy shakl va usullari, eng yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, masofadan o‘qitish tizimi keng joriy etilib, ta’lim oluvchilar va o‘qituvchilarning global axborot-huquqiy va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda.

Anjumanda yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashish, hamkorlikdagi ta’lim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha malakasini oshirish va amaliyot o‘tkazish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish eng ustuvor vazifalardan biri ekanligi qayd etildi.

Tizimdagi oliy ta’lim muassasalari va ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va malakasini oshirish markazlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari uchun malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv markazlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA