Aholi turmush farovonligini yuksaltirish – asosiy vazifamizdir

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 16-iyun kuni poytaxtimizning Uchtepa tumanida bo‘ldi.

Prezidentimiz tumanda bunyod etilishi rejalashtirilayotgan ko‘ngilochar va istirohat bog‘i loyihasi bilan tanishdi.

Qariyb olti gektar maydonni egallagan mazkur istirohat bog‘ida zamonaviy, xavfsiz, energiyatejamkor attraksionlar, bolalarning intellektual salohiyatini oshiradigan o‘yin qurilmalari, suzish havzasi, favvora, kitobxonlik uchun maxsus joy, skeyt va gullar maydonchalari, savdo shoxobchalari, avtomobillar turadigan joy va boshqa zarur infratuzilma inshootlari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev istirohat bog‘i loyihasini yanada takomillashtirish, zamonaviy gipermarket bunyod etish, unda kinoteatr, kutubxona va boshqa zarur dam olish maskanlari bo‘lishi, bunyodkorlik ishlarida Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar tajribasidan foydalanish zarurligini ta’kidlab, mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berdi.

Uchtepa tumanidagi 78-maktab 1967-yilda qurilgan. Maktabni qayta ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash rejalashtirilmoqda. Prezidentimiz mazkur maktabni borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarning zamonaviy bilim olishi, yuksak ma’naviyatli insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Prezidentimiz maktab bilan kollejlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, xususan, ushbu maktabda tajriba sifatida 11-yillik ta’limni qayta tiklash, uning qoshida o‘quv-kasb kursi tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Yuqori sinflarda bolalar shaxs bo‘lib, jamoa bo‘lib shakllanadi, dedi davlatimiz rahbari. Ayni o‘sha paytda ularni o‘zlari o‘rgangan muhitdan ajratib qo‘ymaslik kerak. Bu yoshlarning ruhiyatiga, davomatiga, oxir-oqibatda ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu bois ta’lim jarayoni uzluksizligini ta’minlash, o‘quv dasturlarini takomillashtirish zarur.

Shavkat Mirziyoyev 15-iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzuidagi anjumanda so‘zlagan nutqida yosh avlod tarbiyasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, dedi, jumladan, Prezidentimiz.

Bu vazifalar maktab, oila, mahalla, butun jamoatchilikka katta mas’uliyat yuklaydi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasining barcha bo‘g‘inlari – maktabgacha ta’lim, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, yangi muassasalar bunyod etish va mavjudlarini ta’mirlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yoshlar kamolotida o‘z samarasini beradi.

Shu yerda 1-sinf o‘quvchilariga beriladigan “Prezident sovg‘asi” jamlanmasi, maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlar, xalq ta’limi muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash rejasi namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari tumanning Vatanparvar mahallasidagi «Vatanparvar inoq kommunalchi» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyati bilan tanishdi.

2010-yilda tashkil etilgan ushbu shirkat tumandagi namunali xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan biri. Shirkat joylashgan 38-uyning kirish yo‘laklari zamonaviy uslubda ta’mirlangan, uyga tutash hudud obodonlashtirilgan. Ko‘p qavatli uyning old qismi va yo‘laklarga videokuzatuv o‘rnatilgan. 60 xonadonga xizmat ko‘rsatuvchi shirkatda kommunal tariflar aholi uchun qulay narxlarda ishlab chiqilgan.

Shirkatning o‘z mablag‘i hisobidan uch yil ilgari uyning tom qismi mukammal ta’mirlangan, yo‘laklarga zamonaviy eshiklar o‘rnatilgan. Uy oldida qurilgan avtoturarjoy shu yerda yashovchi aholiga bepul xizmat ko‘rsatadi. Turli attraksionlar, o‘yin qurilmalari o‘rnatilgan bolalar maydonchasi nafaqat bolalar, balki kattalarning ham bahri dilini ochadi.

Prezidentimiz xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari va shu yerda yashovchilar bilan shirkat faoliyati, ko‘p xonadonli turar joylarda aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida suhbatlashdi. Shirkat xodimlari va xonadon sohiblarining mehnati bilan obod maskanga aylangan bunday shirkatlar tajribasini o‘rganish, uni boshqa tumanlarda ham keng ommalashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Ishlayman, yarataman, degan odamga aslida ko‘p narsaning keragi yo‘q, dedi davlatimiz rahbari. Oddiy qo‘l mehnati, ko‘pchilikning sa’y-harakati bilan o‘zi yashayotgan hududni shunday saranjom-sarishta, fayzli maskanga aylantirayotgan yurtdoshlarimiz ko‘payib borayotgani bizni quvontiradi.

Uchtepa tumanidagi sobiq «Signal» zavodining umumiy maydoni 5,1 gektar bo‘lib, hududda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Hududda bino va inshootlar, kommunikatsiya tarmoqlari mavjud. Bu yerda amalga oshiriladigan loyihalarni 2018-yilning birinchi choragida ishga tushirish belgilangan.

Bu yerda ish boshlaydigan kichik korxonalarda plastmassa mahsulotlari, energiyatejamkor lampalar, transformator podstansiyalari, tikuv va trikotaj mahsulotlari, zamonaviy mebel kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. 17 korxonada 400 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tijorat banklari tomonidan ishlab chiqarish korxonalarini moliyalashtirish, ularni imtiyozli kreditlar bilan ta’minlash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan Uchtepa tumanida 2017-yilda moliyalashtiriladigan loyihalar istiqbolli ekani bilan diqqatga molik. Tibbiy xizmat ko‘rsatish, qurilish materiallari, kimyo sanoati, mebel, farmatsevtika, charm-poyabzal kabi yo‘nalishlardagi 70 ga yaqin loyiha bo‘yicha 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. «Yurxas» MChJ tomonidan gazlama va matolarni jahon andozalari darajasida bo‘yash sexi ishga tushiriladi. 2017-yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan korxonada 60 ish o‘rni yaratiladi.

«Baykal-KMU» MChJ ham joriy yil yakuniga qadar o‘z faoliyatini boshlaydi. Yer unumdorligini oshirish uchun “Baykal EM-1” mikrobiologik o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan korxona mahsulotlarini Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston va Pokistonga eksport qilishi kutilmoqda. «Avikon tex», «Urologic complex» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida aholi salomatligini mustahkamlash, turli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

«Ipoteka-bank» ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihada mebel sanoati uchun dekor qog‘ozlar ishlab chiqariladi. Xitoy va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatiladigan korxona 2018-yilda ishga tushirilishi mo‘ljallangan. Bundan tashqari, bank ishtirokida yiliga 1 ming 200 tonna baliq mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Yiliga 148 tonna quvur va 400 ming dona fiting ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Art Dekor Group” MChJda 60 kishining bandligi ta’minlanadi.

Mahsulot ishlab chiqarishdan oldin unga bozor topish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Prezidentimizga 2017-yilda Uchtepa tumanining sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish yo‘nalishidagi investitsiya loyihalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Ma’lumotlarda soha yo‘nalishlari, xizmatlar turi, yaratiladigan ish o‘rinlari, ajratiladigan mablag‘lar miqdori, ishlab chiqariladigan mahsulotlar turi o‘z aksini topgan.

Xalq banki tomonidan moliyalashtirilayotgan «Artikor» MChJ tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada 60 ish o‘rni yaratiladi.

“O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan sanoat sohasida 28, xizmat ko‘rsatish sohasida 17 loyiha moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyihalarni yanada takomillashtirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz raisligida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida shahar, tuman faollari, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda aholi turmush darajasini yanada oshirish, bandlikni ta’minlash, ta’lim masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

 

Temur Qurbonboyev (surat), O‘zA