O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni va Hosil bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan mehmonlar Toshkent shahridagi qator muzeylarga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston amaliy san’at muzeyida XIX asrning birinchi yarmidan hozirgi kungacha bo‘lgan davrda qo‘ligul ustalar tomonidan yaratilgan 7 mingdan ortiq eksponat mavjud.

– Mazkur muzeyga birinchi marta kelishim, – deydi Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Fattoyev” fermer xo‘jaligi rahbari Yoqub Fattoyev. – Bu yerdagi Buxoro va Xiva gilamlari, xonatlas, adras, beqasam kabi milliy matolarimiz, kashtachilik, zardo‘zlik, zargarlik, kandakorlik san’ati, yog‘och va ganch o‘ymakorligi namunalari, hunarmandlik buyumlari menda katta qiziqish uyg‘otdi. Nasib bo‘lsa, nabiralarimni albatta, bu muzeyga olib kelaman.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyida Osiyo va Yevropaning noyob san’at asarlari saqlanadi.

– Tarixga juda qiziqaman, – deydi Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi «Mirzayev Shavkat Kenjayevich» fermer xo‘jali rahbari Shavkat Mirzayev. – Shu bois Toshkentga har gal kelganimda farzandlarim, nabiralarim bilan teatrlarga, muzeylarga boramiz. Menga muzey ekspozitsiyasidan O‘zbekistonning antik va o‘rta asr san’atiga oid me’moriy boyliklari, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Eron san’at asarlari, musiqa cholg‘u asboblarini bir-bir ko‘zdan kechirish juda yoqadi.

Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosi mustaqillik davri shaharsozlik madaniyatining noyob namunasi, mamlakatimiz arxitektura san’atidagi durdona asarlardan biri hisoblanadi. Muzey fondlarini boyitish maqsadida arxeologik ekspeditsiyalar amalga oshirilmoqda.

– Muzeyning sharqona usulda qurilgan gumbazi menga juda yoqdi, – deydi Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi «Mehnat farovon hayot» fermer xo‘jaligi rahbari Abdusamat Norboyev. – Bu yerda Amir Temur saltanati va temuriylar faoliyatiga doir qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishdik. Qolaversa, eksponatlar qatorida Birinchi Prezidentimizning muzeyga tashrifi aks etgan suratlarni ko‘rib, to‘lqinlanib ketdim.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA