O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasida Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘quv media markazini tashkil etish” loyihasi bo‘yicha almashinuv notalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasida shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarida savdo-iqtisodiy, sayyohlik, ta’lim, ekologik va madaniy aloqalar muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, axborot texnologiyalarini jamiyatimizning barcha sohalariga keng joriy etish, axborot texnologiyalari samaradorligini oshirish bo‘yicha dastur va loyihalarni amalga oshirishda Yaponiya yaqindan ko‘mak berib kelmoqda.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining mamlakatimizdagi vakolatxonasi o‘rtasida “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘quv media markazini tashkil etish” loyihasi doirasida imzolangan grant shartnomasi ana shunday loyihalardan biri bo‘ldi.

– O‘zbekiston bilan ko‘p yillik hamkorlik doirasida jamiyatni axborotlashtirish, telekommunikatsiya sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda faol qatnashib kelmoqdamiz, – deydi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Fushimi Katsutoshi. – Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga taqdim etilayotgan grant ham telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada faollashtirishga imkon beradi.

Qiymati 1,5 million dollar miqdoridagi mazkur grant mablag‘lari universitetda ilmiy-tadqiqot va o‘quv laboratoriyalarini tashkil etish uchun sarflanadi. Ushbu o‘quv media markaz tele va radioeshittirishdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalarini hisobga olgan holda komputer texnologiyalari, multimedia va tarmoq uskunalari bilan jihozlanadi.

Loyihaning amaliyotga joriy etilishi maxsus va amaliy fanlarni o‘qitish sifatini yaxshilash, “Kinoteleoperatorlik” va “Maxsus yoritish texnologiyalari” yo‘nalishida tahsil olayotgan mutaxassislar, talabalarning nazariy va amaliy jihatdan professional malakasini oshirish, interfaol o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishga xizmat qiladi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA