Qoraqalpog‘istonda kitobsevarlar haftaligi tadbirlari o‘tkazilmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham kitobsevarlar haftaligi tadbirlari o‘tkazilmoqda.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi, Ma’naviyat va targ‘ibot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi hamkorligida tashkil etilgan haftalik aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Nukus shahridagi “Istiqlol” bolalar dam olish markazida tashkil etilgan shunday tadbir yangi kitoblar taqdimoti va badiiy adabiyotlar ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Yoshlarning taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvi qizg‘in mushoiraga aylanib ketdi.

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Guliston Matyoqubova, shuningdek, Sharapatdin Ayapov, Turkmenboy Jiyemuratov, Muratboy Nizanov kabi taniqli ijodkorlar kitob tanlash va mutolaa madaniyatini shakllantirish haqidagi qiziqarli fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Mahallalarda o‘tkazilayotgan bunday ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oilada kitobxonlik muhitini qaror toptirish, yosh avlodning kitobga qiziqishini oshirishda yaxshi samara beradi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Nukus shahar bo‘linmasi bosh mutaxassisi Uzipa Qalmuratova. – Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar va kitobxonlik kechalariga mualliflar ham taklif etilayotgani barchaga manzur bo‘lmoqda.

Tadbirda yoshlarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Nukus shahar bo‘linmasi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati shahar kengashi tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.

Kitobsevarlar haftaligi Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida o‘tkazilmoqda.

 

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA