Jaloliddin Rumiy hazratlari “Mo‘jiza emasdir falakda oftob, mo‘jiza aslida beminnat kitob”, deya kitobni mo‘jizaga qiyoslagan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ulug‘ ajdodlarimizning bu boradagi ezgu ishlarini davom ettirishda hamda xalqimiz ma’naviy dunyosini boyitish, kitobxonlik madaniyatining jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida muhim hujjat bo‘ldi.

Shu bilan birga, bu qaror ijrosi ma’naviyat-ma’rifat ahli qatorida bizning zimmamizga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Kitob mahsulotlarini chiqarish va ularning jamiyat hayotida muayyan o‘rin egallashini tartibga solish juda ko‘p muassasa va tashkilotlar singari axborot-kutubxona muassasalarining ham vazifasidir.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida XV-XIX asrlarda chop etilgan 250 mingdan ortiq bebaho ma’naviy boylik, 75 tildagi hujjatlar, qo‘lyozma manbalar va noyob kitoblar, tasviriy, kartografik va nota-musiqiy nashrlar mavjud. Ayniqsa, ular orasida Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Imom Buxoriy kabi buyuk ajdodlarimiz qo‘lyozma asarlari saqlanayotgani ziyo maskanimiz uchun katta sharafdir.

Qariyb 150 yillik tarixga ega bo‘lgan mazkur kutubxona mustaqillik yillarida yangi qiyofa kasb etdi. Ayniqsa, 2011-yil uning zamonaviy hamda xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirilishi kitobsevarlarga har tomonlama qulayliklar yaratdi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidentining 2012 yil 20 martdagi “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va boshqa qator muhim hujjatlar ijrosi asosida ushbu maskanning imkoniyati yanada kengaytirildi. Jumladan, bugungi kunda undagi axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish uchun mamlakatimizning har qanday joyidan turib murojaat qilish, shuningdek, yetakchi xorijiy axborot-kutubxona fondlarining ma’lumotlar bazasiga ulanish hamda xalqaro amaliyotda tajribadan o‘tgan xizmat ko‘rsatish shakllari va ilg‘or dasturiy mahsulotlardan foydalanish mumkin.

Kutubxonada sakkiz yuz ellik o‘rinli 11 ta o‘quv zali zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Boy adabiyot fondi, katalog va kartotekalardan tashkil topgan ma’lumot-qidiruv apparati, tabaqalashgan va yuqori malakali kutubxona-bibliografik xizmat ko‘rsatishning qulayligi foydalanuvchilar safini yildan-yilga oshirmoqda. Bugungi kunda kutubxonaga 182 mingdan ortiq kitobxon a’zo bo‘lgan. Joriy yilning 10 oyi mobaynidagi raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, kutubxona a’zolari 24 mingdan ziyodga ko‘paygan. Uning xizmatidan foydalanganlar jami 775 ming 568 nafar bo‘lsa, shundan kutubxonaga kelganlar 659 ming 994, kutubxona veb-saytidan foydalanganlar esa 115 ming 574 kishidir. Foydalanuvchilarga kitob berish 4,5 milliondan oshgan bo‘lsa, veb-saytdagi ichki manbaga 390 mingga yaqin marotaba murojaat bo‘lgan.

Bugungi kun foydalanuvchilari (ayniqsa, 25 yoshgacha bo‘lganlar) kompyuter texnikasini yaxshi o‘zlashtirgan. O‘quv va mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan bu yoshlar uchun vaqt juda qimmatlidir. “Istalgan axborot, istalgan joyda va istalgan vaqtda” shioriga amal qilayotgan bugungi zamon foydalanuvchilari uchun kutubxonalar veb-saytlari orqali virtual kirishni yo‘lga qo‘ygan. http://www.natlib.uz rasmiy saytimiz shunday maqsadlarga xizmat qilmoqda. Unda muassasa haqida to‘liq ma’lumot, xizmatlar va faoliyat yo‘nalishlari, yangiliklar, tashkil qilinadigan tadbirlar anonsi kabi axborotlar bilan tanishish imkoni mavjud.

Shu bilan birga, kutubxonamizda an’anaviy kutubxonalararo abonement xizmatini takomillashtirish, resurslarni masofaga yetkazib berish xizmatini tatbiq etish, elektron-pochta orqali xizmatni rivojlantirish kabi jarayonlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, kutubxonada kitob berish jarayonining avtomatlashtirilishi kitobxon uchun “Buyurtma-onlayn” xizmatidan foydalanish imkonini berdi. Kitobxon elektron katalogda zarur bo‘lgan resursni izlab topib, unga buyurtma berishi va kutubxona o‘quv zallarida o‘ziga qulay vaqtda kelishi va undan foydalanishi, buyurtma bergan kitoblarini bajarish uchun ketadigan vaqtini tejashi mumkin. Eng muhimi, bunday foydalanuvchilar uchun ularning so‘rovlari tezlikda bajarilishi, to‘liqligi va haqqoniyligi katta ahamiyatga egadir.

Hozirgi zamon kutubxonalar foydalanuvchilarida jonli muloqotga kirishish ko‘nikmalarining kamligi e’tiborga olinib, bu yerda kutubxona va undagi resurslar haqida ma’lumot beruvchi infokiosklar o‘rnatilgan. Shuningdek, 2013 yildan e’tiboran turli yo‘nalishlarda aynan jonli muloqot qilish, fikr almashish, u yoki bu masala bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bemalol bildirish, omma oldida o‘zini tutishga qaratilgan iqtidorli ijodkorlar, ingliz tili va koreys tili so‘zlashuv klublari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yana e’tiborli jihati shundaki, kutubxonamiz eng ko‘p xorijiy ilmiy-ta’limiy elektron bazalarga obunani amalga oshirib kelmoqda. Ushbu bazalardagi axborotlarning hajmi millionlab nusxani tashkil etishi, dunyo miqyosida fanning barcha sohalari bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va ixtirolarni aks ettiruvchi eng yangi nashrlar bilan tezkor ravishda tanishish imkonini beruvchi asosiy manba ham ushbu maskan hisoblanadi.

Mamlakatimizda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta hududiy axborot-kutubxona markazi hamda 12 mingdan ziyod axborot-kutubxona muassasasi tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda kutubxonamiz tomonidan “Infolib O’zbekiston” VI milliy axborot-kutubxona haftaligi o‘tkazildi. Haftalik doirasida 50 dan ziyod turli tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning yuqorida nomi zikr etilgan qarori ijrosi axborot-kutubxona muassasalari fondlarini to‘ldirishdagi qiyinchiliklar, axborot-kutubxona muassasalarining rivojlanish sur’ati, hududlarda kitob merosini saqlashda axborot-kutubxona markazlarining roli, zamonaviy ijtimoiy hamkorlikning tarkibiy qismi sifatida kutubxona sherikchiligi, kutubxonalarni qayta qurish va resurslarni raqamli formatlarda saqlash kabi dolzarb masalalarni hal etish hamda sohani chuqur tanqidiy tahlil qilish, bu boradagi muammolar yechimini topishga keng yo‘l ochmoqda.

Rumiy hazratlari ta’kidlaganidek, kitob chindan mo‘jizadir. Negaki, dunyoda hamma narsa eskirishi, uning o‘rnini yangisi egallashi mumkin. Lekin kitoblarning asl mazmuni, mohiyati hech qachon o‘zgarmaydi. Aksincha, ulardan olgan taassurotlar ma’naviyatimizning, qalbimizning go‘zal obidasiga aylanib boraveradi. Ko‘nglimiz nuri, hamrohi, dardu tashvishimiz malhami, hayot yo‘limiz ustozi bo‘lgan kitoblar biz bilan hamisha birgadir.

Umida Teshaboyeva,
 
Alisher Navoiy nomidagi
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
direktori o‘rinbosari.

 

O‘zA