Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Jahon iqtisodiyot banki, Qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha xalqaro agentlik (IRENA) hamkorligida qayta tiklanuvchi energiya manbalari masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish hamda ulardan oqilona foydalanish borasida muayyan tajriba to‘plangani, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda qayta tiklanadigan energiya manbalarini yanada rivojlantirish borasida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, Samarqand, Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlarida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektrik stansiyalarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tadqiqotlari natijalari jahon miqyosida e’tirof etilayotir. Mamlakatimizda muqobil energiya manbalaridan, jumladan, quyosh energiyasidan foydalanish sohasida ilmiy va eksperimental tadqiqotlar olib borish borasida salmoqli tajriba to‘plangan.

Jahon banki guruhi O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida amalga oshirilayotgan siyosatni va sohaga jalb etilayotgan investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

– O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari salohiyati yuqori, – deydi Jahon bankining energetika sohasidagi global amaliyoti rahbari Samir Shukla. – Mamlakatda deyarli har kuni oftob nur sochib turadi, tekisliklarda kuchli havo oqimlari vujudga keladi. Bu qayta tiklanuvchi energiya manbalarini amaliyotga joriy etish uchun qulay imkoniyat. Bu sohada hamkorlikni yanada kuchaytirish niyatidamiz.

Xalqaro seminarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, ularni muqobil energiya ishlab chiqarish jarayoniga joriy qilish mexanizmlarini rivojlantirish, sohadagi bilimlarni oshirish, shuningdek, yuqori samarali loyihalarni ishlab chiqarish va amalga oshirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.Sultonov so‘zga chiqdi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA