Toshkent harbiy okrugi poligonlaridan birida batalon komandirlari va ularning o‘rinbosarlari uchun tashkil etilgan ko‘rgazmali taktik o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxtimizdagi litseylar va kollejlar o‘quvchilarining kuzatuvchi guruhi sifatida ishtirok etgani o‘quv mashqlarining o‘ziga xosligini ta’minladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining muhim vazifalaridan biri barkamol avlod, xususan, haqiqiy vatanparvarlarni tarbiyalashdir. Ko‘rgazmali taktik o‘quv mashqlariga o‘quvchilar guruhining taklif etilishi bo‘lg‘usi chaqiriluvchilar dastlabki harbiy tayyorgarligining zamonaviy shakllaridan biri sanaladi. Unda yuksak darajadagi jangovar tayyorgarlik, komandirlarning tezkor qaror qabul qilish, qurol-aslaha va harbiy texnikadan yuksak mahorat bilan foydalanish kabi ko‘nikmalari namoyish etildi.

O‘smirlar harbiy xizmatchilarning bo‘linmalarda jangovar tayyorgarlikka shaylanishi va tegishli hududlarda shaxsiy tarkibning joylashish tartibi, maxsus topshiriqlar ijrosi hamda qarorgoh mudofaasini tashkil etish kabi harakatlarini katta qiziqish bilan kuzatdi.

O‘quv mashqlarining yakunlovchi bosqichida harbiy xizmatchilar shartli dushmanning tirik kuchlari va texnikasini anglatuvchi nishonga turli qurollardan o‘q uzdi. Mashqlarda barcha harakatlar radiokarnay aloqasi orqali izohlab borildi. Buning natijasida yosh kuzatuvchilar bo‘linma komandirlari tomonidan qabul qilingan qaror va harakatlarni nafaqat o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, balki ularning mazmunini chuqur anglab yetish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.

O‘quv mashqlari yakunlariga ko‘ra, guruhda mahorati bilan ajralib turuvchi harbiy xizmatchilar harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan rag‘batlantirildi. Milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usi, Vatan himoyachilari qatorida bo‘lishdek qat’iy istak kollej va litsey o‘quvchilarining yutug‘iga aylandi.

 

Ablay Kamolov, O‘zA