Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbatda joriy epidemiologik vaziyat hamda mamlakatlarimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar batafsil muhokama qilindi.
Ushbu pandemiyaga qarshi samarali kurashish va ehtimoliy oqibatlarni kamaytirish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirish va oʻzaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikka doir va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham koʻrib chiqdilar. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Muloqot soʻngida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahor, yangilanish va yasharish bayrami – Navroʻz munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabrikladilar.
Prezidentlar qardosh Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, yangi xavf-xatarlarni tez fursatda bartaraf etish yoʻlida birgalikda harakat qilishga intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladilar.

 

OʻzА