Zamonaviy issiqxonada qisqa vaqtda 480 ming dollarlik eksport qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanidagi “Global Food Impeks” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxonani koʻzdan kechirdi.

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishga keng sharoit yaratilmoqda. Joylarda gidroponika usulida issiqxonalar qurilmoqda. Bu sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, koʻplab ish oʻrinlari yaratish imkonini berayotir.

“Global Food Impeks” masʼuliyati cheklangan jamiyat uchun ajratilgan maydon 23 gektardan ziyod. Birinchi bosqichda 10 gektar yerda issiqxona qurilgan. 140 kishi ish bilan taʼminlangan.

Ahamiyatlisi shundaki, ilgari bu joy shoʻr bosgan, qarovsiz yer edi. Endi shu zaminning har gektaridan yiliga 300-400 ming dollar miqdorida daromad olinadi.
Masalan, pomidor va bodring koʻchatlari shu yil yanvarda hosilga kirdi. Oʻtgan qisqa vaqtda 480 ming dollarlik eksport qilindi. Yil oxirigacha 4-5 million dollarlik mahsulot sotish moʻljallangan.

Joriy yilda 13 gektar maydonda issiqxonaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish hamda avgust oyida ishga tushirish moʻljallangan. Korxona toʻliq quvvatda ishlaganda yiliga 4 ming tonna pomidor va bodring, shuningdek, qulupnay, gullar va boshqa mahsulotlar yetishtiriladi, jami 280 ta ish oʻrni tashkil etiladi. Mahsulotlarning 80 foizini qoʻshni davlatlar, Rossiya va Turkiyaga eksport qilish rejalashtirilgan.

– Qishloq xoʻjaligida ilm, yangicha dunyoqarash paydo boʻldi. Mana, ishning koʻzini bilsa, katta daromad olish mumkinligiga misol. Xorazmda yer shoʻrlangan. Shunday joylarda zamonaviy issiqxonalarni koʻpaytirish, 100-200 gektarga yetkazish kerak. Ham odamlarga ishchi joy, ham eksport boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Issiqxona detallarini mahalliylashtirish, bozor talabidan kelib chiqib qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Shu yerda viloyatda meva-sabzavotchilik, tomorqachilik, chorvachilik, baliqchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

 

O’zA