O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Yaponiya Ichki ishlar va aloqa vazirligining Ma’muriy baholash byurosi (Ombudsman) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda quyi palata deputatlari, Yaponiyadan kelgan delegatsiya a’zolari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Otamurodov va boshqalar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, sayyohlik, ta’lim, ekologiya va madaniyat sohalarida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ikki xalqning insonparvarlik, adolatlilik hamda qonunni hurmat qilish tamoyillari bir-biriga o‘xshash.

Mamlakatimizda fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga murojaat etish huquqlarini samarali amalga oshirish hamda davlat va jamiyat qurilishida ularning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, xususiy mulkni davlat tomonidan himoya qilish tizimini yanada mustahkamlashga doir aniq vazifalar belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Yaponiya Ichki ishlar va aloqa vazirligining Ma’muriy baholash byurosi (Ombudsman) bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ikki mamlakatning inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Ushbu hujjatda mamlakatlarning axborot-tahliliy ma’lumotlar almashinuvi, qonun hujjatlari, xalqaro va rivojlangan tajribalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, ushbu yo‘nalishda hamkorlikda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va forumlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Tadbir doirasida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish samaradorligini oshirishdagi tashkiliy- huquqiy masalalar: O‘zbekiston va Yaponiya tajribasi” mavzuidagi davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida ikki mamlakatning fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimi, sohadagi qonunchilik va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Yaponiya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyati Xalq qabulxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari bilan ham uchrashdi.

– O‘zbekistonda aholi bilan muloqot qilish bo‘yicha keng ko‘lamli noyob va innovatsion loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligiga guvoh bo‘ldik, – deydi Yaponiya Ichki ishlar va aloqa vazirligining Ma’muriy baholash byurosi (Ombudsman) direktori o‘rinbosari Sedjiro Yoshikayo. – Davlat rahbarining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etilganligi, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar izchil hal qilinayotgani aholiga har tomonlama ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va xalqning qat’iy ishonchidan dalolat beradi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA