Jo‘qorg‘i Kenges raisi eng chekka hudud aholisi bilan uchrashdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov Nukus shahridan qariyb 450 kilometr uzoqlikda joylashgan, Orolbo‘yining eng chekka hududi – Qo‘ng‘irot tumani “Qoraqalpog‘iston” posyolka fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashdi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi dastlab “Qo‘ng‘irot” bojxona postida bo‘lib, bu yerda fuqarolar va ishchi xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bojxona tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar va qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi hududidan mamlakatimizga kirib kelayotgan va boshqa davlatlarga chiqib ketayotgan fuqarolar bilan muloqot qildi. Shuningdek, “Qo‘ng‘irot” bojxona postiga yaqin joylashgan bojxona xodimlari istiqomat qilayotgan turar joyda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Bundan so‘ng qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh joylashgan, bugungi kunda 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan “Qoraqalpog‘iston” posyolka fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashdi. Uyma-uy yurib, ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda fuqarolar asosan ishga joylashish, uy-joy ta’miri, temir yo‘l transporti va tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, imtiyozli kreditlar ajratish singari masalalarda murojaat qildi. Ushbu murojaatlarning ma’lum qismi joyida hal qilingan bo‘lsa, atroflicha o‘rganish va vaqt talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi mazkur posyolka aholisi ham tinch va farovon hayot kechirmoqda. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida o‘tgan qisqa vaqt mobaynida hududning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzulmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Maktabgacha ta’lim, ta’lim, sport, madaniyat, tibbiyot ob’ektlarida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borildi. Turar joylar qurildi, ko‘chalar ta’mirlandi.
Shu kuni hududda oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi va mahalliy aholi ushbu mahsulotlarni arzon narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, posyolka fuqarolar yig‘inidagi kam ta’minlangan oilalarga televizor, oziq-ovqat mahsulotlari, 26-umumta’lim maktabi jamoasiga 200 dona badiiy kitob sovg‘a qilindi. Mutasaddi rahbarlar hududdagi maktabgacha ta’lim, ta’lim, sport va tibbiyot muassasasida bo‘lib, ularning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
San’atkorlar tomonidan namoyish etilgan musiqiy dastur aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA