Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 25-26-oktabr kunlari Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvga ko‘ra, turkiyalik bir guruh jurnalistlar yurtimizga keldi.

28-noyabr kuni tongda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining yaqinda yo‘lga qo‘yilgan “Samarqand – Istanbul – Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha Turkiyadan kelgan mehmonlar Samarqand xalqaro aeroportida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.

Samarqand viloyati hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Voseyev va Samarqand shahar hokimi F.Rahimov mehmonlarni qutlab, mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalar qatori, turizm yo‘nalishida ham hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Turkiyalik jurnalistlar Istanbuldan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz mamlakatlarimiz fuqarolari uchun keng imkoniyatlar yaratganini ta’kidlab, ular ham bu qulaylikdan bahramand bo‘lganliklaridan minnatdorligini bildirdi.

Sayohat dasturiga ko‘ra mehmonlar bugun Samarqandning tarixiy obidalari bilan tanishadi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA