Nukus “Ommaviy diktant” poytaxti tanlovida g‘olib bo‘ldi

Nukus shahri rus tili bo‘yicha har yili o‘tkazilib kelinadigan xalqaro “Ommaviy diktant” loyihasining “2020 yil uchun poytaxt tanlash” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 
Poytaxt maqomi uchun tanlovda Vologda, Yekaterinburg, Ijevsk, Qozon, Krasnodar, Sankt-Peterburg, Rostov-Donu, Tambov, Chelyabinsk va Nukus (O‘zbekiston) shaharlari ishtirok etdi.
Ovoz berish bugun mahalliy vaqt bilan 12.00da yakunlandi. Nukus shahri ushbu tanlovda 7000 ga yaqin ovoz to‘pladi. Nukus uchun ovoz berishda O‘zbekistonning barcha hududlaridan fuqarolar faol ishtirok etdi. Ushbu jarayonni xorijdagi vatandoshlarimiz ham qiziqish bilan kuzatib bordi.
Ommaviy diktant – bu har kimning ixtiyoriy tarzda ishtirok etadigan har yili o‘tkaziladigan o‘quv tadbiridir. Uning ishtirokchilari o‘zlarining savodxonligi va rus tilini bilishlarini sinab ko‘rishlari mumkin.
Harakatning maqsadi savodli bo‘lish har bir kishi uchun muhim ekanligini ko‘rsatish, rus tilini o‘rganish oson emas, lekin qiziqarli va foydali bo‘lishiga ishonch hosil qilish, rus tilida yozish va gapirishni biladigan yoki bilishni istaganlarning barchasini birlashtirishdir.
Ommaviy diktant – bu faollar va ko‘ngillilar tomonidan amalga oshiriladigan ommaviy loyiha. Aksiya tashkilotchisi Ommaviy diktant fondidir. Uning shtab-kvartirasi Rossiyaning Novosibirsk shahrida joylashgan. Diktant taniqli yozuvchi tomonidan har yili diktant uchun yaratiladigan yagona matn bo‘yicha olib boriladi. Turli vaqtlarda diktantning mualliflari Pavel Basinskiy, Andrey Usachev, Yevgeniy Vodolazkin, Aleksey Ivanov, Dina Rubina, Zaxar Prilepin, Dmitriy Bikovlar bo‘lgan. 2020 yilda ommaviy diktantni Andrey Gelasimov o‘qiydi.
2019 yilda ommaviy diktant dunyoning 81 mamlakatida bo‘lib o‘tdi, uning matni 1200 shaharda 236 mingdan ortiq ishtirokchilar tomonidan yozilgan. Birinchi marotaba ommaviy diktant 2004 yilda Novosibirsk davlat universitetining gumanitar fakulteti talabalari tomonidan tashkil etilgan. Shu paytda unga 130 kishi qatnashgan.
Musobaqa finali 2020 yil 1 fevralda bo‘lib o‘tadi. Matn muallifi 4 aprel kuni g‘olib bo‘lgan shaharga jahon mitingining asosiy platformasida diktantni o‘qish uchun tashrif buyuradi.
Ommaviy diktant loyihasining 2018 yildagi poytaxti Vladivostok shahri, 2019 yilda esa Estoniya poytaxti Tallin shahri bo‘ldi.

 

Ye.QANOATOV, O‘zA