Deputatlikka nomzodlarning guvohnomalari qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Saylov – 2019
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning guvohnomalari namunasi tasdiqlandi.
Saylov kodeksining 40-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni esa tegishli viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi amalga oshiradi.
photo5352880164515720131.jpg
Nomzod etib ro‘yxatga olingan shaxsga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi beriladi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.
Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek, uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning guvohnoma namunasi komissiya tasdig‘iga kiritildi.
Xo‘sh, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodning guvohnomasi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
Yuqori chap tomoniga davlat gerbi joylashtiriladi. Yuqori o‘ng qismida saylov okrugi nomeri ko‘rsatilgan bo‘ladi. Deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi yozilishi uchun uch qator joy ajratilgan bo‘ladi.
Pastki o‘ng burchagiga deputatlikka nomzodning 3×4 hajmdagi rasmi joylashtiriladi. Guvohnoma Markaziy saylov komissiyasi raisi tomonidan imzolanadi va muhrlanadi. Ushbu guvohnoma shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgandagina haqiqiy hisoblanadi. 115 x 92 mm. o‘lchamdagi guvohnoma bir tarafli o‘zbek tilida namunaviy blankda rasmiylashtiriladi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning guvohnomalari namunasi ham tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, guvohnomaning yuqori chap tomoniga davlat gerbi joylashtiriladi. Yuqori o‘ng tomonida deputatlikka nomzodning qaysi okrug va qaysi kengashga nomzodligi yoziladi. So‘ngra deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi yozilishi uchun uch qator joy ajratilgan bo‘ladi.
Pastki chap tomoniga deputatlikka nomzodning 3×4 hajmdagi rasmi joylashtiriladi. Viloyat, tuman/shahar saylov komissiyasi raisi tomonidan imzolanib muhrlanadi. Ushbu guvohnoma shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgandagina haqiqiy hisoblanadi. Guvohnoma 115 x 92 mm. o‘lchamdagi guvohnoma bir tarafli o‘zbek tilida namunaviy blankda rasmiylashtiriladi.
Guvohnomaning orqa tomoniga saylov kodeksidan quyidagi ko‘chirma bosiladi:
Deputatlikka nomzodlar saylov okrugi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yo‘lovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yo‘nalishlari mustasno) tekinga yurish huquqiga ega. Saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzod saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqidan foydalanadi.

 

N.NASRIEV, O‘zA