Yosh saylovchilar yanada faol bo‘lmoqda

Har bir mamlakatda demokratik jarayonlar darajasi avvalo saylovlar qanchalik ochiq, oshkora, adolatli o‘tishi va albatta, fuqarolar faolligi bilan belgilanadi. Bu tamoyillar esa saylovchilarning huquqiy va siyosiy bilimi, madaniyatiga bog‘liq. Saylovda ilk bor ovoz beradigan yoshlar saylov qonunchiligidan xabardormi? Ular saylov nima ekani, o‘z ovozlari mamlakat taraqqiyotida qanday ahamiyatga egaligini qanchalik tushunib yetmoqda?
Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan “Yosh saylovchi – 2019” forumida ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi hamda viloyat saylov komissiyasi hamkorligida tashkil etildi.
22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Farg‘ona viloyatidan 2 million 333 mingdan ortiq saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 47 mingdan ziyodi ilk bor ovoz beradigan yoshlardir. Mamlakatimizda davom etayotgan saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi doirasida shahar va tumanlarda “Mening ovozim – Vatanim kelajagi”, “Saylov – mening Konstitutsiyaviy huquqim” mavzularida targ‘ibot tadbirlari va yoshlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Forumda fuqarolarning konstitutsiyaviy burchi, milliy saylov tizimi, Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovni oshkoralik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazishga qaratilgan islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Saylovda har bir fuqaro Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan huquqidan foydalanib, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi Vatanimiz kelajagi uchun alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
–Bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Ahadjon Akbarov. – Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari suradi. Bo‘lajak saylovlarda ovoz berib, o‘z xohish-irodamizni erkin bildirish har birimizning fuqarolik burchimiz. Yoshlarning mamlakat miqyosidagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, ilk marotaba saylovda qatnashadigan yoshlarning xabardorligini, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissini oshirish, ularning ovozi jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishi uchun xizmat qilishini yoshlarga yetkazishga harakat qilmoqdamiz. Bugungi forum ham ana shu maqsadda o‘tkazildi.

 

M.SULAYMONOV, M.QODIROV (surat),O‘zA