Faol va izlanuvchan olimlar taqdirlandiPoytaxtimizda jahon ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan faol va izlanuvchan olimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi va AQShning «Clarivate Analytics» kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori M.Boltaboyev va boshqalar mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni keng tatbiq etish, olimlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

9.JPG

Yurtimizda ilk bor o‘tkazilayogan mazkur tadbir ham zamonaviy talablarga javob beradigan ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga, yosh ilmiy kadrlarni bu jarayonga keng jalb etish va yuqori natijalarga erishgan olimlarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan, AQShning «Clarivate Analytics» kompaniyasining “Web of Science” xalqaro ilmiy-tahliliy elektron ma’lumotlar bazasiga joriy yilning 1-iyulidan mamlakatimiz ham obuna bo‘ldi. «Clarivate Analytcs» kompaniyasi turli davlatlarda yilning eng yaxshi fan yetakchilarini aniqlash maqsadida tanlov e’lon qilib, eng yaxshi natijalarga erishgan, “Web of Science” xalqaro bazasiga maqolalari kiritilgan olimlarni rag‘batlantirib keladi.

12.JPG

Nomzodlar mamlakatimizdagi oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda faoliyat yuritayotgan olimlar hisoblanadi. Ularning ilmiy ishlari “Web of Science” xalqaro ilmiy-tahliliy elektron ma’lumotlar bazasiga kirgan ilmiy nashrlarda so‘nggi 10 yil ichida chop etilgan ilmiy maqolalarning soni va ularga keltirilgan havolalar asosida baholandi.

Taqdirlash marosimida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan olimlar moddiy rag‘batlantirildi. “Eng yaxshi ayol tadqiqotchi”, “Eng yaxshi yosh olim”, “Eng yaxshi ilmiy jurnal”, “Eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi”, “Eng yaxshi ilmiy-tadqiqot muassasasi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

5.JPG

Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Ahmadjon Abdujabborov astronomiya sohasida samarali faoliyat yuritayotgan yosh izlanuvchan olimlardan biri. U astrofizika sohasida nafaqat mamlakatimizdagi, balki Germaniya, Chexiya, AQSh, Xitoy singari davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalari tadqiqotchi olimlari bilan ham hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Yosh olimning 40 dan ortiq ilmiy maqolasi jahonning yetakchi ilmiy jurnallarida chop etilgan. Olimning izlanishlari yuqori baholanib, bugungi tadbirda “Eng yaxshi yosh olim” nominatsiyasida g‘olib, deb topildi.

– Bugungi tadbir ham yurtimizda biz, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir namunasidir, – deydi A.Abdujabborov. – Bizga yaratilgan cheksiz imkoniyatlar nafaqat mamlakatimizda, balki, butun dunyoda ilmiy salohiyatimizni namoyon etishimizga zamin yaratmoqda. Bizga bildirilgan ishonchni oqlab, kelajakda astrofizika sohasi bo‘yicha ajdodlarimizga munosib izdosh bo‘lishga harakat qilamiz.

 

Go‘zal Sattorova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA