Nukusda shifo maskanining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nukus filiali binosi mukammal taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir tibbiyot xodimlarining kasb bayrami tantanalariga ulanib ketdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi oʻrinbosari O.Hamrayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri D.Xodjiyev va boshqalar, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy yordam koʻrsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtaldi.
Oʻtgan yil dekabr oyida boshlangan mukammal taʼmirlash ishlari “Invesstroy Nukus” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan sifatli amalga oshirildi. Bu yerda 2 milliard 700 million soʻmlik ishlar bajarildi. Markaz zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan. Kelgusida qoʻshimcha 30 oʻrinli bino qurish rejalashtirilgan.
– Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nukus filiali faoliyatini boshlaganiga 23 yil boʻlgan boʻlsa, shu kunga qadar oʻzining binosiga ega emas edi,–deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Mels Kabulov. – Yangi binoning foydalanishga topshirilishi jamoamiz uchun ajoyib tuhfa boʻldi. Kelajakda bu yerda yurak-qon tomir kasalligi boʻyicha murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazish imkonini beradi.
Tadbir ishtirokchilari filialning yangi binosida xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA