XDP nomzodlar ro‘yxatini taqdim etdi

Saylov – 2019 
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga Xalq demokratik partiyasi deputatlikka nomzodlarning ro‘yxatini taqdim etdi. 
Markaziy saylov komissiyasida ushbu partiya rahbarining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib kiritgan arizasi qabul qilindi.
Saylov kodeksiga muvofiq, partiyalar deputatlikka nomzodlar ro‘yxatini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi. Bu haqdagi murojaatda siyosiy partiya yuqori organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, siyosiy partiya yuqori organi majlisining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningde, saylov okrugining nomi va tartib raqami ko‘rsatiladi.
Shuningdek, deputatlikka nomzodning o‘z nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi, deputatlikka nomzodning, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi ilova qilinadi.
Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.
Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

 

N.ABDURAIMOVA, O‘zA