MDH xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishi

Toshkentda 7 noyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari boshliqlari, MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda Aksilterror markazi rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi A.Azizov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi S.Lebedev, MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari boshliqlari kengashi raisi A.Bortnikov xalqaro xavfsizlikka tahdidlar, tashqi salbiy kuchlar ta’siri ortib borayotgan bugungi murakkab davrda kengash yig‘ilishi muhim ahamiyat kasb etishi, mavjud xavf-xatarlarga birgalikda qarshi turish umumiy va asosiy maqsad ekani, bu yo‘nalishdagi hamkorlik xalqlarimiz tinchligini asrash, o‘zaro birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘zbekiston hukumati, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoevning sa’y-harakatlari bilan keyingi yillarda MDH hududida, ayniqsa, Markaziy Osiyoda integratsion jarayonlarni kuchaytirish, iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi munosabatlarni yaxshilash bilan birga, xavfsizlikni ta’minlash borasida ham samarali tashabbuslar ilgari surilayotgani qayd etildi. MDHga O‘zbekiston raislik qiladigan 2020 yilda ayni yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirildi.
MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi raisi A.Bortnikovning ta’kidlashicha, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, xususan, terrorizm, giyohvandlik va xalqaro uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda kengash faoliyati salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. O‘tgan davrda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari hamkorligida xalqaro xavfsizlikka tahdid solayotgan jinoyatchi guruhlar in qurgan 13 ta nuqta aniqlanib, 130 nafar jangari qo‘lga olingan, katta miqdorda giyohvand moddalar musodara qilingan. Operatsiyalar chog‘ida O‘zbekiston faol ishtirok etgan.
MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining yig‘ilishida xalqaro terrorizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. MDH makonida millatlararo va konfessiyalararo nizolar kelib chiqishining oldini olish, transport kommunikatsiyalari va iqtisodiyot sohasida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlar belgilab olindi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash doirasida Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi.
Yig‘ilishda MDH Aksilterror markazi rahbari hamkorlikdagi aksilterror o‘quv mashg‘ulotlari yakuni bo‘yicha hisobot berdi. Markazning 2020 yilga mo‘ljallangan ish rejasi taqdim qilinib, tomonlar kengash ishi doirasida har tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish zarurligini tasdiqladi. Hamkorlikning yangi, samarali yo‘nalishlari belgilab olindi.

 

O‘zA