Saylov: puxta tayyorgarlik muvaffaqiyat garovi

Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida bir qator muhim masalalar muhokama etildi. 
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan tadbirda tuman va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat saylov komissiyasi raisi Sh.Jo‘raevning ma’ruzasi tinglandi.
“Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida barcha davlat vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni o‘tkazish uchun viloyat bo‘yicha jami 350 saylov okrugi hamda 439 saylov uchastkasi tuzilgani, barcha saylov komissiyalari Saylov kodeksida ko‘rsatilgan tartibda shakllantirilgani qayd etildi.
Shuningdek, har galgidek bu yilgi saylovlarni ham viloyatda namunali tarzda tashkil etish bo‘yicha hokimliklar, saylovga aloqador barcha mutasaddi tashkilotlar yanada faol bo‘lishi va ularga tegishli bo‘lgan masalalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishida mas’uliyatli bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Jumladan, Saylov kodeksining 26- hamda 49-moddasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda, ya’ni ayrim saylov okruglari va uchastka saylov komissiyalariga ajratilgan binolarni, xonalarini ta’mirlash, ularning zarur jihoz va orgtexnika vositalari bilan ta’minlanishi, bino atroflarini obodonlashtirish masalalari talab darajasida emasligi aytib o‘tildi. Saylovga qisqa fursatlar qolganda uni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarga o‘ta jiddiy va mas’uliyat bilan qarash lozimligi ta’kidlandi.
Ushbu fikrlar inobatga olinib, bir qator vazifalar belgilab olindi. Jumladan, barcha tuman va shahar hokimlariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga shaxsan javobgarlik yuklatildi. Barcha saylov okruglari va saylov uchastkalari joylashadigan bino va xonalarni ta’mirlash, dizaynerlik ishlarini amalga oshirish, saylov okrugi va uchastkalari joylashgan ko‘chalarda, uylar atrofida obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, kirish-chiqish yo‘llarini soz holatga keltirish, binolarni uzluksiz elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik ta’minoti va ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Okrug va uchastka saylov komissiyalariga barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularni internet tarmog‘i va aloqa, transport vositalari bilan ta’minlash, barcha saylov okruglari va uchastka saylov komissiyalari a’zolarini tizimli o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha vazifalar yuklandi. Shuningdek, “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi”ni samarali tashkil etish yuzasidan korxona, tashkilot va muassasalarda, mahalla fuqarolar yig‘inlarida, aholi gavjum joylarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.
Sessiyada bir qator muhim masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Shu kunning o‘zida barcha xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida sessiyalar o‘tkazilib, uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga taklif etilgan nomzodlar ko‘rib chiqildi va tegishli okrug saylov komissiyalariga tasdiqlash uchun tavsiya etildi.
Sessiyada Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.

 

Nuriddin RAHIMOV, O‘zA