Xalqaro ekspert: O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatdagi faoliyatini tajriba sifatida o‘rganish mumkin

Bu boradagi fikrlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan “COMPASS” xalqaro ilmiy loyihasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro konferensiya doirasida bildirildi.
Unda AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Belarus, Ispaniya, Ozarbayjon, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlaridan ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish orqali Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va xavfsizlikni har tomonlama mustahkamlash, mintaqada keng ko‘lamli xalqaro infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Sof islom ma’rifatini targ‘ib qilish, umummintaqaviy muammolarni hal etishda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash, transmintaqaviy savdo va texnologiyalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi ijobiy yangilanishlar uni Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlar rivojlanish tendensiyalarini belgilovchi muhim davlatga aylandi. O‘zbekistonning mintaqaviy masalalar bo‘yicha tutumi Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoevning diniy-ma’rifiy sohadagi tashabbuslari mintaqada Islom dinining an’anaviy asoslarini saqlab qolish va targ‘ib qilishga hissa qo‘shmoqda.
AQShning xalqaro toifadagi siyosiy tahlilchisi Jakob Shapironing qayd etishicha, ushbu xalqaro konferensiya mintaqada mavjud muammolarni hal etishdagi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari intilishlarini o‘rganish va tahlil qilish imkonini beradi. Mintaqada xavfsizlik va global islohotlarni amalga oshirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z imijiga ega, xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a’zosi, dunyoning ko‘plab davlatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgan zamonaviy davlat sifatida tanilmoqda.
Bu boradagi fikrlar tadbir davomida Kembrij universiteti professori Sidxart Saksena tomonidan ham alohida qayd etildi.
– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bu kabi islohotlarni kuzatib borayotgan inson sifatida aytishim mumkinki, mamlakatingizning ichki va tashqi siyosatdagi faoliyati tajriba sifatida o‘rganishga arziydi.
Ikki kun davom etadigan ushbu konferensiya mintaqa xalqlari milliy manfaatlarini hisobga olgan holda, Markaziy Osiyoda mavjud muammolarni hal etish, yangi strategik vaziyatni shakllantirishga qaratilgan g‘oyalarni ishlab chiqish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA