Akmal SAIDOV: “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bizga nega kerak?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 6 noyabrda o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi biryo‘la uch o‘qishda qabul qilindi. Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan.
Xo‘sh, qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati nimada? Unga qanchalik zarurat bor edi? Hujjat nimalarni nazarda tutadi?
O‘zbekistonda ko‘ngillilik harakati keng rivojlangan. Lekin hozirga qadar bu masala umuman huquqiy tartibga solinmagan. Bu esa, ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishning eng asosiy sababi bo‘ldi. Shu tufayli, qonundan ko‘zlangan maqsad ham yurtimizda ko‘ngillilar faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirish, mamlakatda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, volontyorlik faoliyatini zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yishni ta’minlash hamda rivojlantirishdan iborat etib belgilandi.
Bugungi kunda 80 dan ziyod mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Davlatlar tomonidan katta yordam ko‘rsatilayotgani bois, ko‘ngillilar sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo‘lagiga aylanib bormoqda. Ko‘ngillilar o‘z faoliyati davomida qator muhim ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatadi, ular muayyan tovarlarni ishlab chiqaradi, o‘z manbalari hisobidan jamiyatning ehtiyojmand qatlamlarini qanoatlantiradi, davlat organlarining ayrim vazifalarini zimmasiga oladi va bu byudjet mablag‘larini iqtisod qilishga imkon beradi. Ko‘ngillilik, ayniqsa, yoshlarni jamiyat hayotiga faol kirishish jarayonlariga ko‘maklashishga, zarur ish tajribasini to‘plashga, mehnat bozori talablari bo‘yicha malaka va ko‘nikma hosil qilishga, ijtimoiy munosabatlarda ularning faolligini oshirishga turtki beradi.
Yuqorida aytganimizdek, garchi ushbu faoliyat qonun hujjati bilan tartibga solinmagan bo‘lsa-da, u amalda yurtimizda ham tobora rivojlanib kelmoqda. Mamlakatimizda ko‘ngillilik ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy taraqqiyot bobida katta salohiyatga ega institut sifatida taraqqiy etib bormoqda. Boisi, ko‘ngillilik faoliyati xalqimizning ongiga va mentalitetiga chuqur singib ketgan ko‘p asrlik qadriyatlarga ega. Xususan, “hashar”, “jamoaviy ko‘ngillilik” kabilar volontyorlikning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, ayrim sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, qariyb 90 foiz nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘ngillilardan unumli foydalanadi. Ularning eng faollari – O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Qizil yarim oy jamiyati, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hisoblanadi.
Davlat hokimiyati organlari ham yirik xalqaro konferensiyalar, seminarlar, sport musobaqalari va boshqa ommaviy ijtimoiy-siyosiy tadbirlarga ko‘ngillilarni tarjimon, kuzatuvchi sifatida faol jalb qiladi.
Ko‘ngillilar faoliyati qator ijtimoiy tarmoqlar orqali ham faollashib bormoqda. Masalan, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida “volontyorы.uz” guruhi bo‘lib, uning a’zolari soni 12 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Guruh a’zolari xayriya tadbirlari, aksiyalari hamda yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro ma’lumotlar almashadi. Ular yo‘qolgan insonlarni izlashga, hududlarni chiqindilardan tozalashga, egasiz hayvonlarni himoya qilish, ehtiyojmandlarga dori-darmon sotib olishga va qimmat tibbiy operatsiyalarni bajarish uchun mablag‘ yig‘ishga hamda boshqa beg‘araz yordam tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashib kelmoqda.
2017 yilda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi O‘zbekiston yoshlarining butunjahon assotsiatsiyasini tuzdi. Bu assotsiatsiyaning asosiy faoliyati ko‘ngillilik bilan bog‘liqdir.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizning ko‘ngillilar faoliyati rivojlangan davlatlardan farqli tomoni ushbu faoliyatni amalga oshirishni tartibga soluvchi qonunning yo‘qligidir. Mazkur ijtimoiy faoliyat turi, faqatgina “Homiylik to‘g‘risida”gi qonunda qisman yoritilgan. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlarining milliy bazasidagi hujjatlar son
46 mingdan ortiq bo‘lib, 12 ta me’yoriy-huquqiy hujjatda “volontyor” tushunchasi mavjud.
Shu tariqa, mamlakatimizda shunday holat yuzaga keldiki, qonuniy asosga ega bo‘lmasdan turib ko‘ngillilar faoliyati rivojlangan. Bunday ko‘rinishdagi qonunchilikdagi bo‘shliqlar turli toifadagi shaxslarga, shuningdek, yurtimiz yoshlarini mazkur yo‘nalishda davlat siyosati va milliy mentalitetimizga mos kelmaydigan qadriyatlar asosida “birlashtirish”ga faol harakat qiluvchi xorijliklarga “keng maydon” yaratib beradi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ko‘ngillilik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga soladi, ko‘ngillilik faoliyati to‘g‘risida yagona qonuniy tushunchalar majmuini shakllantiradi, ko‘ngillilik faoliyatini yanada faollashtirishni rag‘batlantiradi.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar
va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari qo‘mitasi raisi.

 

O‘zA