SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi konferensiyasi

Toshkentda 6-noyabr kuni SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining (SHHT MATT) yettinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻz ishini boshladi.
Tadbirda SHHTga aʼzo mamlakatlar vakolatli organlari, kuzatuvchi hamda muloqot boʻyicha sherik davlatlar, shuningdek, BMT, MDH, YEXHT va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (OHICHK) kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.
SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Jumaxon Gʻiyosov, SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Se Syaoyun, mamlakatimizning SHHT ishlari boʻyicha milliy muvofiqlashtiruvchisi Rahmatulla Nurimbetov va boshqalar mazkur konferensiyada ishtirok etish istagida boʻlgan hamkor mamlakatlar va tashkilotlar soni ortib borayotgani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro miqyosda xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslari bunda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi oʻz ishini tashkilotga aʼzo davlatlar vakolatli organlariga terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda koʻmaklashish, bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtirish, hamkorlikni mustahkamlash asosida tashkil etib kelmoqda.
Tuzilma terrorizmga qarshi kurashda xalqaro intilishlarni birlashtirish, shu orqali jahonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga intiladi. Keng miqyosdagi aksilterror tizimini yaratishda tegishli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, izchil va mustahkam aloqalarni oʻrnatishni maqsad qilgan.
SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining topshirigʻiga koʻra, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tomonidan joriy yilda qator kelishuvlar imzolandi. BMT Xavfsizlik kengashining Terrorizmga qarshi kurash qoʻmitasi ijroiya direktorligi, Afrika terrorizmni oʻrganish va tadqiq qilish markazi bilan hamkorlik toʻgʻrisida, MDH Aksilterror markazi hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bilan oʻzaro anglashuv memorandumlari shular jumlasidan.
Anjumanda SHHT hududida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha milliy tajriba masalalariga bagʻishlangan shoʻba majlisi tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Eron kabi jami 15 davlatdan kelgan ekspertlar maʼruzalari tinglandi.

 

Gʻayrat  XONNAZAROV, OʻzA