Norvegiya delegatsiyasi uchrashuvlari

Norvegiya Qirolligining Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Audun Halvorsen boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi.
Tashrif doirasida 5-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida norvegiyalik mehmonlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Senat Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Norvegiya oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Norvegiya BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondiga 1,2 million AQSH dollari mablagʻ ajratib, birinchi donor mamlakatga aylangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, mamlakatimizga Norvegiya investitsiyalari kirib kelishini qoʻllab-quvvatlash, yuqori texnologik qoʻshma korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va samarali savdo maydonlarini tashkil etish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish muhim.
Norvegiyalik mehmonlar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini, ularni roʻyobga chiqarishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Qonun ijodkorligi yoʻlidagi hamkorlik meʼyoriy-huquqiy bazani mustahkamlash va takomillashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni yanada rivojlantirish, bu esa, pirovardida, mamlakatda qonun ustuvorligi hamda inson huquqlarini taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Norvegiya delegatsiyasining tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Oʻzbekiston – Norvegiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi boʻlib oʻtdi.
Delegatsiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov va Norvegiya Qirolligining Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Audun Halvorsen rahbarlik qildi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim va inson huquqlari sohalaridagi ikki mamlakat munosabatlarining joriy holati va istiqbollari haqida soʻz yuritildi.
Maslahatlashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida institutlashtirish, xususan, tenglik asosida ikki mamlakat parlamentlarida hamkorlik guruhlari tashkil etish, Ombudsman institutlari aloqalarini mustahkamlashga oid takliflar muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya taʼsis etish masalalari koʻrib chiqildi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari, shuningdek, global va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashdi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan hujjatlarni qoʻllab-quvvatlagani uchun Norvegiya tomoniga minnatdorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi muloqotni doimiy asosda amalga oshirishdan ikki tomon birdek manfaatdor ekani qayd etildi.
Mehmonlar oʻzaro manfaatli sohalarda qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida vazirlik va idoralarda tashkil etilgan muloqot va uchrashuvlarda ham ishtirok etdi.

 

OʻzA