Ziyoratchilar tadbirkordan nega norozi?

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetidagi tadbirda ishtirok etayotganimda qo‘l telefonimga uzluksiz qo‘ng‘iroq bo‘laverdi. Noiloj tashqariga chiqib, gaplashdim.
– Aka, men Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasi qabristonlar bilan ishlash yetakchisi Ansatboy Mustafoev bo‘laman, – dedi qo‘ng‘iroq qilgan kishi. – Nukus shahrining kunchiqar tomoni “Janabazar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Sirg‘ali sheyit” qabristoni yo‘lini buzayotgan yuk avtomashinalari egalarini ko‘pdan buyon ushlay olmay yurgan edik. Hozir ushbu yuk avtomashinalarini to‘xtatib turibmiz. Imkoni bo‘lsa, fotomuxbiringiz bilan kelib, vaziyatni o‘rgansangiz yaxshi bo‘lar edi.
Iltimosni yerda qoldirmay, qabristonga yo‘l oldik.
Voqea joyida ikki-uchta qum yuklangan avtomashina, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining davlat inspektorlari, Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasi hamda “Sirg‘ali sheyit” qabristoni mutaxassislarini uchratdik.
– Oxirgi paytlarda bu yerga olib keladigan yo‘l buzilib, yaroqsiz holga kelib qolgani ziyoratchilarning o‘rinli noroziliklariga sabab bo‘lmoqda, – deydi “Sirg‘ali sheyit” qabristoni nazoratchisi Alpisboy Urazimbetov. – Har kuni, ayniqsa, payshanba va juma kunlari bu yerga ko‘plab ziyoratchilar keladi. Ularning orasida yoshlar bilan birga yoshi keksalar ham bor. Yo‘lning nosozligi ularning kelib-ketishida qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ayniqsa, yo‘ldan qatnaydigan og‘ir yuk avtomashinalari ko‘payib ketdi. Tegishli tashkilotlar ushbu muammoni hal etib bersa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Dastavval masalaning mohiyatiga tushuna olmadik. Mutaxassislar bilan suhbatlashar ekanmiz, muammo oydinlasha boshladi.
– Qabristonga yaqin joyda karer ochilib, u yerdan katta yuk avtomashinalari qum tashib yo‘lni buzayotir, – deydi shu hududda yashovchi Jaqsiboy Utegenov. – Bu bilan ziyoratchilarga qiyinchiliklar tug‘ilmoqda. To‘g‘ri, tadbirkorning bu yerdan qum olishi uchun tegishli joylardan ruxsatnomasi bor. Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasi hamda “Sirg‘ali sheyit” qabristoni mutaxassislari ta’kidlashicha, tadbirkor o‘z faoliyatini boshqa yo‘l orqali amalga oshirsa, hech kim e’tiroz bildirmaydi.
Mazkur hujjatda qayd etilishicha, qabristonlar moddiy madaniy meros ob’ektlari jumlasiga kiritilishi mumkin.
Qabristonlar tuman, shahar davlat hokimiyat organlarining bevosita tasarrufida bo‘ladi, ularga qabristonlarni zarur darajada saqlash va obodonlashtirish majburiyati yuklanadi. Tuman, shahar obodonlashtirish boshqarmalari va qabristonlar ma’muriyati qabriston hududida zarur darajadagi tartibni ta’minlash, bosh xiyobon, asosiy va ikkinchi darajali yo‘llarda to‘siqsiz yurish va o‘tish imkoniyatini (qordan tozalash, muzni parchalash, qum sepish va shu kabilarni) ta’minlashi lozim.
Nizomda shuningdek, barpo etilayotgan, maydoni 20 gektardan 40 gektargacha bo‘lgan kompleks, ko‘p konfessiyali, aralash va an’anaviy dafn etiladigan qabristonlar uchun sanitariya-himoyalash zonasi 500 metr, maydoni 20 gektardan kam bo‘lgan qabristonlar uchun 300 metr bo‘lishi kerak, deyilgan. Ushbu nizomning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimliklari va boshqa davlat organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Uning talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javob beradi.
Biz so‘z yuritayotgan holatda, tadbirkorning kar’eri bilan qabriston o‘rtasidagi masofa 80 metrni tashkil etadi.
Xalqimizda “Marhumni siylagan boy bo‘lur”, degan gap bor. Qabristonlarni obod qilish har birimizning vazifamiz. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan imkoniyatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz hamda ularning faoliyatiga aralashish istagimiz yo‘q. Ammo bir tadbirkor mo‘may daromad topishi uchun aholi, jumladan, yaqinidan ayrilgan insonlar jabr chekmasligi kerak.
Bu masalaga mutasaddilar e’tibor qaratishlari lozim deb o‘ylaymiz.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA