O‘zbekiston–Yaponiya ta’lim va fan haftaligi bo‘lib o‘tmoqda

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida 4-12 noyabr kunlariga mo‘ljallangan Ta’lim va fan haftaligi boshlandi.
Haftalik doirasida O‘zbek-yapon yoshlari innovatsion markazida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur universitet mas’ullari va Nagoya universiteti delegatsiyasi ishtirok etdi.
Unda 2019 yil 12 noyabrgacha davom etadigan talabalar, magistrlar, doktorantlar va Toshkent davlat texnika universitetining yosh o‘qituvchilari uchun Nagoya universiteti professorlari Yokio Ishida va Susumu Xara tomonidan o‘tkaziladigan akademik haftalik hamda kelgusi o‘quv yilida magistrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturini yaratish imkoniyatlari haqida tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, ta’lim va fan haftaligi yakunida test sinovlari o‘tkaziladi. Undan muvaffaqiyatli o‘tganlar (2-3 talaba) kelgusi yil boshida Nagoya universitetining laboratoriyalari va bo‘limlaridan birida amaliyot va malaka oshirish kurslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

O‘zA