Fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik

Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) O‘zbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini shakllantirish, demokratiyani qaror toptirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda juda muhim bunyodkorlik rolini o‘ynaydi.
Shunday ekan, bu yilgi saylovlar jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va mas’ul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishlari hamda jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun normativ-huquqiy asoslar yaratildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida samarali hamkorlik qilishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshiriladi.
Jumladan, Saylov kodeksining 8-moddasiga asosan, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan munosib nomzodlar kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ta’minlanadi.
Uchastka saylov komissiyalariga saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari yaqindan ko‘maklashadi. Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, zaruratiga ko‘ra aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashish tashkil etiladi.
Tegishli saylov komissiyalari a’zoligiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘zlarining faol a’zolari orasidan nomzodlarni tavsiya etadilar.
Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro hamkorlida saylov jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid masalalarni o‘rganish maqsadida malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda saylov kodeksiga kiritilgan demokratik saylov standartlarining mohiyatini ochib berishga qaratilgan tadbirlar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari o‘tkazadilar. Hamkorlikdagi loyihalarini amalga oshirishda, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqadilar.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov saylov jarayonlari, saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 150 ta saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari tuzilib, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 6 ming 567 ta saylov okruglari tuzildi, ularning faoliyati boshlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tomonidan jami 10 ming 252 ta saylov uchastkalari tuzildi. Shuningdek, Respublikamizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxona va konsullik idoralarida 53 ta saylov uchastkalari tuzildi.
Saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashishlari uchun 49 davlat va 8 tashkilot, 316 nafar kuzatuvchiga taklifnomalar yuborildi.
Yangi Saylov kodeksiga binoan 22 dekbarda bo‘lib o‘tajak saylovlarda o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning ishtirok etishiga ruxsat berilishi mahallaga bo‘lgan e’tiborni yanada ortganligidan dalolat.
Shuningdek, Prezidentimizning 2019 yilning 30 oktabrdagi “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etildi.
Raqobatdosh ko‘p partiyali tizimning rivojlanish darajasini tizimli tahlil qilish, siyosiy partiyalar tomonidan o‘z elektorati manfaatlari yo‘lida o‘tkaziladigan tadbirlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, fuqarolar faolligini oshirish kabilar markazning asosiy vazifalari etib belgilandi. Bu o‘z navbatida saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda, xalqaro standartlar asosida tashkil etilishida mazkur yangi tuzilma bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Tadbirda endilikda avvalgi saylovlarda ishtirok etgan xalqaro kuzatuvchilarning tafsiyalari asosida mamlakatimiz demokratik saylov tizimida ilk marotaba fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar ishtirok etish mumkinligi alohida qayd etildi. Mahalliy kuzatuvchilarga ham xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar kuzatuvchilari bilan teng huquq va majburiyatlar belgilangan.
Memorandum zamirida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining Saylov huquqi erkinligini ta’minlash va saylov jarayonini yanada demokratlashtirish sohasida o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, qo‘shma loyiha va tadbirlarni amalga oshirish maqsadi mujassam.

 

N.NASRIEV, O‘zA