Senatorlar mamlakatning eng olis garnizonida saylov bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Nukus harbiy prokuraturasi xodimlari va Oliy Majlis Senati a’zolari ishtirokida saylovoldi targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari qatnashgan tadbir davomida harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriev, Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Bahodir Xudoyberdiev, senatorlar O‘zbekiston Qahramoni, arxeolog Gayratdin Xojaniyazov, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali rektori, professor O‘ral Ataniyazova, Guliston Annaqilicheva va boshqalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlariga tayyorgarlik jarayoni, bu yilgi saylovlarning mazmun-mohiyati xususida batafsil ma’lumot berdi.
photo_2019-11-02_14-02-20.jpg
– Bugungi kunda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining eng muhim belgilaridan biri bu – erkin, ochiq saylov tizimining mavjudligidir, – dedi Nukus harbiy prokurori. – Saylovlar orqali fuqarolar bevosita davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etadi. Saylash va saylanish huquqi fuqaroning eng muhim siyosiy huquqlari sirasiga kiradi. Shu sababdan saylov bilan bog‘liq me’yoriy huquqlarni qamrab olgan qonun – O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi. Mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti uchun saylov o‘tkazishning ahamiyati o‘ta muhim sanalib, har bir fuqaro saylovlarda faol ishtirok etishi lozim.
Uchrashuv davomida senatorlar tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.

 

O‘zA