Saylov qonunchiligi: amaliyot va samara

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan “Saylov va yoshlar” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” doirasida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy Kengash deputatlari, Nukus davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari va talabalari, partiya “Yoshlar qanoti” qoshida tashkil etilgan “Yosh siyosatchilar” va “Yosh liderlar” klublari a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, saylovlar demokratik huquqiy davlatning muhim mezoni, xalqimizning o‘z xohish-irodasini bildirishi, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokining asosiy shaklidir. Mamlakatimizda bosqichma-bosqich va izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida eng yuksak demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos yangi Saylov kodeksi qabul qilindi. Natijada ushbu kodeksda mustahkamlangan har kimning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqini ta’minlaydigan saylov tizimi yaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi mazmun-mohiyati, fuqarolarning, shu jumladan, yoshlarning saylov huquqlari, ovoz berish tartibi va boshqa masalalar bo‘yicha batafsil tushunchalar berdi. Yoshlar bo‘lajak saylovlarga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
– Har birimizning saylovlarda faol ishtirokimiz mamlakatimizning yorqin kelajagini ta’minlashda, uning ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Dilnoza Joldasbaeva. – Saylov kodeksining 4-moddasida qayd etilganidek, saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylov huquqiga egadir. Shu jumladan, men ham o‘zimning konstitutsiyaviy huquqimdan foydalangan holda ilk marta saylovda ishtirok etaman va bundan xursandman.
Tadbir yakunida partiya safiga qabul qilingan bir guruh talaba- yoshlarga a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi va ishtirokchilarga musiqiy dastur namoyish etildi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA