Makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq-byudjet siyosati va 2020-yilga moʻljallangan parametrlar koʻrib chiqildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-oktyabr kuni makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq-byudjet siyosati, davlat byudjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020-yilga moʻljallangan parametrlar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Eslatish joiz, 2018-yil 22-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi.

Mazkur qarorga muvofiq, byudjet maʼlumotlarining ochiqligini yanada oshirish maqsadida byudjet mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatishning yangi tartibi belgilangan. Ushbu tizimga koʻra, 2020-yildan boshlab davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinadi va xalq vakillari tomonidan nazoratga olinadi. Parlamentga taqdim etiladigan Byudjet toʻgʻrisidagi qonun loyihasida va Byudjetnomada aholi va tashqi hamkorlarimizga mamlakat byudjetining holati ochiq-oydin, xalqaro standartlarga muvofiq tarzda koʻrsatiladi.

Respublika byudjeti borasidagi normativ hujjatlar Oliy Majlis tomonidan, mahalliy byudjetlar esa joylardagi mahalliy kengashlar tomonidan qabul qilinadi. Qolaversa, xarajatlar sohalar boʻyicha emas, vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlanadi. Idoralar mustaqilligini oshirish bilan birga, ularning xarajatlar samarasi uchun masʼuliyati ham kuchaytirilmoqda.

Joriy etilayotgan yangi tizimning yana bir oʻziga xos jihati – markazlashgan byudjet siyosatidan bosqichma-bosqich voz kechish. Masalan, mahalliy byudjetlar daromadini mustahkamlash maqsadida avtomototransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimlari mahalliy byudjetga oʻtkazilmoqda. Alkogol mahsulotlari va mobil aloqa xizmatini koʻrsatish uchun aksiz soligʻi tushumlari aholi sonidan kelib chiqib hududlar oʻrtasida qayta taqsimlanadi. Qoʻshimcha qiymat soligʻi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha prognozdan orttirib bajarilgan qismi toʻliq xududlarda qoldiriladi.

2020-yildan boshlab mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha daromadlari kengashlar tomonidan maʼqullangan yoʻnalishlarga ajratiladi. Faqat kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlargina hokimliklar tomonidan tasdiqlanishi va keyinchalik ularning toʻgʻri sarflangani haqida kengashlar oldida hisobot berilishi lozim.

Yigʻilishda mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari, kelasi yilga moʻljallanayotgan prognoz parametrlari, iqtisodiyotga taʼsir etishi mumkin boʻlgan ichki va tashqi omillar chuqur tahlil qilindi.

Xalqaro ekspertlar, xususan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi joriy yilda jahon yalpi mahsuloti oʻsishi dastlabki prognozga nisbatan 1 foizgacha kamayib, 3 foiz boʻlishini taxmin qilgan. Mamlakatimizning asosiy savdo hamkorlari boʻlgan davlatlarda ham iqtisodiy surʼatlar sustlashgan. Jahon bozorida raqobat tobora kuchayib, ayrim davlatlar oʻrtasida “savdo urushlari” davom etmoqda. Bu omillar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsir etmay qolmaydi, albatta.

Prezidentimiz makroiqtisodiyot va davlat byudjeti parametrlarini ushbu xavf-xatarlarni hisobga olib belgilash lozimligini taʼkidladi.

– Iqtisodiyot tarmoqlarini “oyoqqa turgʻazish”, raqobatbardosh qilish uchun keyingi ikki yilda ularga barcha imkoniyatlar berildi. Biroq, bu imkoniyatlardan foydalanib, qaysi tarmoq mehnat unumdorligini oshirdi, mahsulotlar raqobatbardosh boʻlishi va eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi koʻpayishini taʼminlay oldi? Afsuski, birorta tarmoqni bugungi kunda “zoʻr ishladi yoki yuqori natija berdi”, deb ayta olmaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi tizimli muammolar, inflyatsiya darajasining 16 foizdan pasaymagani aholi toʻlov qobiliyatiga salbiy taʼsir qilayotgani qayd etib oʻtildi.

– Asosiy vazifamiz – xalqimizga munosib ish oʻrni yaratgan holda daromadlarni oshirish. Joylarda iqtisodiy faol aholi koʻp. Odamlarimiz daromad topib, turmush sharoitini yaxshilash uchun mehnat qilishni xohlamoqda. Buning uchun aholi toʻlov qobiliyatini oshirish va bozorda mahsulotlarga barqaror talab shakllantirish orqali ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashimiz kerak, – deb taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Misol uchun, qandolat, tayyor sut va goʻsht mahsulotlari, sharbat va salqin ichimliklar ishlab chiqarish boʻyicha 100 dan ortiq muhim investitsiya loyihasining amalga oshirilishi natijasida isteʼmol talabi qondirilib, inflyatsiya meʼyorlashishi mumkinligi qayd etildi.

Oziq-ovqat, goʻsht, un va qandolat mahsulotlari, kiyim-kechak, charm-poyabzal, elektrotexnika, dori-darmon vositalari ishlab chiqarish hajmini 2020-yilda sezilarli darajada koʻpaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Inflyatsiya darajasiga taʼsir etayotgan yana bir omil mahsulotlar tannarxi yuqoriligidir. Shu bois, mutasaddilarga davlat ulushi boʻlgan barcha korxonalarda mahsulot tannarxini tahlil qilib, quvvatlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, zarur hollarda xususiy sektorga berish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.

Kelasi yilda 153 ta yirik investitsiya loyihasini shunchaki foydalanishga topshirish emas, balki raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarib, yalpi ichki mahsulot hajmi va ish oʻrinlarini koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.

Oxirgi yillarda tashkil etilgan 23 ta korxona past quvvatlarda ishlayotgani, rejalashtirilgan ayrim loyihalar oʻz vaqtida faoliyat boshlamagani tanqid qilindi.

Vazirlar Mahkamasiga iqtisodiy oʻsish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan, byudjetga tushumlarni koʻpaytiradigan investitsiya loyihalarini shakllantirishga masʼul boʻlgan doimiy Ishchi komissiya tuzish, investitsiya loyihalari va ishlab chiqarish koʻrsatkichlari ijrosini muhokama qilib borish boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda eksport tarkibi, tashqi bozordagi talab va yurtimiz korxonalarining undagi oʻrni chuqur tahlil qilindi.

Oʻzbekiston eksportining 50 foizidan ortigʻini hanuzgacha gaz, oltin, kumush, mis, rux, polietilen kabi xomashyolar tashkil etayotgani, arzon xomashyo mavjud boʻlgan tarmoqlar boʻyicha ishlab chiqarish va eksport yetarlicha yoʻlga qoʻyilmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Masalan, mamlakatimizda charm-poyabzal eksporti boʻyicha kamida 1,5 milliard dollarlik salohiyat boʻlsa-da, hozirda bu boradagi koʻrsatkich 200 million dollarga ham yetmaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga terini chuqur qayta ishlab, ayollar poyabzali va sumkalari, sport anjomlari va boshqa tayyor charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish orqali eksport hajmini 2 barobar oshirish vazifasi qoʻyildi.

Toʻqimachilik mahsulotlari eksporti soʻnggi ikki yilda 2 barobar oshib, 1 milliard 600 million dollarga yetgan boʻlsa ham, uning deyarli yarmini ip-kalava tashkil etmoqda. Shu bois, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga eksportda tayyor mahsulotlar ulushini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Jahonda meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozori 205 milliard dollarni tashkil etadi. Yurtimizning bu bozordagi ulushi esa bir foizga ham yetmaydi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasiga meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanda ekinlarni toʻgʻri joylashtirish, “mahsulot yetishtirish – xarid qilish – saqlash yoki qayta ishlash – eksport” zanjirini yaratuvchi kooperatsiyalar tashkil etish orqali eksport hajmini bosqichma-bosqich 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Mashinasozlik va elektrotexnika tovarlarining qoʻshimcha qiymati yuqori, ularga doimiy talab ham bor. Lekin tarmoq korxonalari bu imkoniyatdan toʻla foydalanmayapti. Shundan kelib chiqib, soha mutasaddilariga qoʻshni davlatlar bilan savdoni rivojlantirish, eksport hajmini 2-3 barobar oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Oxirgi uch yildagi faol investitsiya oqimi tufayli soha va hududlarga koʻp mablagʻ yoʻnaltirilgani qayd etilar ekan, jalb qilinayotgan har bir dollarning natijadorligiga asosiy eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.

– Barcha rahbarlar aniq bilib olsin, qatʼiy hisob-kitob, texnik-iqtisodiy asoslarsiz biror-bir loyihani moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bosh vazir rahbarligida tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar natijadorligini nazorat qilish boʻyicha komissiya tashkil etib, masʼul idoralarning hisobotini qabul qilish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan soliq islohotlari tushumlar koʻpayishida ijobiy natijalar bermoqda. Buni xalqaro moliyaviy institutlar ham tasdiqlamoqda. Masalan, qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovchilari soni 12 barobar, foyda soligʻi toʻlovchilari soni 6,5 barobar oshgan. Ish haqiga nisbatan soliq yuki keskin pasaytirilgani natijasida daromad soligʻi toʻlovchilari soni 700 mingga, ushbu soliq tushumi esa 2 barobar koʻpaydi.

Mazkur islohotlarning davomi sifatida joriy yil 1-oktyabrdan qoʻshimcha qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga tushirilib, qator imtiyozlar bekor qilindi. 2020-yil 1-yanvardan esa davlat ulushi bor korxonalarga ham yagona ijtimoiy toʻlov 25 foizdan 12 foizgacha pasaytiriladi. Bu choralar natijasida kelasi yili soliq toʻlovchilar ixtiyorida 12,8 trillion soʻm miqdorida mablagʻ qoladi.

Prezidentimiz Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasiga 2020-yil uchun prognoz qilingan byudjet tushumini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Bunda elektron hisob-faktura, zamonaviy markirovka, onlayn kassa mashinasi kabi ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish orqali soliq maʼmuriyatchiligini yaxshilash zarurligi qayd etildi. Bojxona organlarida samarali ishlaydigan yangi vertikal tizimni shakllantirish, bunda import qilinayotgan tovarlar narxini haqqoniy baholash, tavakkalchilik tahlili va boshqa zamonaviy usullarni keng qoʻllash, shuningdek, ichki nazoratni kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari soliq yukini pasaytirish iqtisodiyotga va aholi farovonligiga ijobiy taʼsir etishini inobatga olib, bu masalaga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda 2020-yil byudjetining xarajatlar qismi ham chuqur tahlil qilindi.

Jumladan, kelasi yili ijtimoiy sohalar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hajmi ortishi koʻzda tutilgan. Masalan, sogʻliqni saqlash tizimiga yoʻnaltiriladigan xarajatlar joriy yildagiga nisbatan 18 foiz, taʼlim sohasiga – 10 foiz va ilm-fan rivojiga – 47 foiz koʻpayadi. Qolaversa, taʼlim, tibbiyot, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, infratuzilmalarni yaxshilash kabi yoʻnalishlarda 100 ga yaqin maqsadli dasturlar rejalashtirilgan. Aholini dori vositalari bilan taʼminlash uchun 1,3 barobar, bolalar sporti dasturi uchun 3 barobar, geologiya-qidiruv ishlari dasturiga 4 barobar koʻp mablagʻ ajratish moʻljallangan.

Shuningdek, paxtachilik va bogʻdorchilikda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish xarajatlariga ham alohida oʻrin berilgan.

Prezidentimiz xarajatlar borasidagi eng ustuvor vazifa moliya-byudjet intizomi, yoʻnaltirilayotgan har bir soʻm iqtisodiyot uchun qanday natija berayotgani asosiy mezon boʻlishi lozimligini taʼkidladi. Moliya vazirligi va Hisob palatasiga byudjetdan moliyalashtiriladigan dasturlarning maqsadli indikatorlarini belgilash va ijrosini baholash tartibini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Hokimliklarning moliyaviy mustaqilligini taʼminlash maqsadida hududiy moliya organlarini toʻliq mahalliy davlat organlari tuzilmasiga oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Avtomobil yoʻllari, irrigatsiya, melioratsiya kabi sohalarga investitsiya xarajatlari boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish yuzasidan ham vazifalar belgilandi.

Muhokama qilingan barcha jihatlarni hisobga olib, “2020-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga taqdim etish lozimligi qayd etildi.

 

OʻzА