Seminar-treninglar boshqaruv samaradorligini oshiradi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida BAAdan kelgan ekspertlar ishtirokida kelajakni shakllantirish va Forsayt tizimini oʻzlashtirish masalalariga bagʻishlangan seminar mashgʻulotlari boshlandi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari Vazirlar Mahkamasi va kelajak ishlari boʻyicha vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan treningda mamlakatimiz vazirlik va idoralarining jami 300 ga yaqin masʼul xodimi ishtirok etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifidan soʻng ikki mamlakat oʻrtasida koʻplab sohalar qatori davlat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha ham oʻzaro kelishuvga erishildi. Ayni paytda mazkur kelishuvga muvofiq, BAA hukumati bilan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, Oʻzbekistonda uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, soha uchun zarur koʻnikmaga ega kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash borasida keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, BAA bilan Oʻzbekiston oʻrtasida davlat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha strategik hamkorlik doirasida joriy yilda yurtimizda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va boshqa qator davlat organlari bilan hamkorlikda seminar-treninglar, ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etildi. Ishtirokchilarning “Fyucher Forsayt” (Future Foresight) tizimi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan navbatdagi seminar mashgʻulotlari BAA Bosh vaziri mahkamasining Muhammad Hasan Ahli boshchiligidagi ekspertlar guruhi tomonidan olib borilmoqda.
Forsayt kelajakning qanday rivojlanishini oldindan oʻrgangan holda, toʻgʻri strategik qarorlar qabul qilish va manfaatdor tomonlarning birgalikdagi faoliyatini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan yondashuvlar majmuidir. Ushbu tizim jarayonni oldindan koʻra bilishga, oʻrta va uzoq istiqbolda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan imkoniyatlar yoki tahdidlarni aniqlashga yordam beradi. Fikrlash usuli sifatida, forsayt, shuningdek, innovatsiyalarni, strategik baholash va kelajakni faol shakllantirishni yoqlaydi.
Davlat boshqaruvidagi anʼanaviy rejalashtirish odatda muvaffaqiyatsizliklarning oldini olishni koʻzlaydi. Strategik forsayt esa asosiy eʼtiborni tashqi taʼsirlarga nisbatan chidam hosil qilish, aniqrogʻi, ehtimoliy tahdidlarni oldindan aniqlash va tezda tiklanishga qaratadi. Uzoqni koʻra bilish, vaziyatga moslashish va barqarorlikni taʼminlash, pirovardida, davlat organlariga vaziyatni, voqealarni fuqarolar uchun foydali, eng qulay oqimga solish imkonini beradi.
Seminarda xalqaro ekspertlarning davlat xizmatchilari bilim va koʻnikmalarini oshirishga, aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashga, kelajakni prognozlashtirishga koʻmaklashishga qaratilgan maʼruzalari tinglandi. Xorijlik mutaxassislar bilan davlat boshqaruvida foydalanish mumkin boʻlgan vositalar, prognozlashtirish uslublari, vaziyatlarni modellashtirish boʻyicha tajriba almashildi.
Xalqaro seminar-trening mashgʻulotlari 1-noyabrgacha davom etadi.

 

Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA