IUT talabalari ilk marotaba ikkita diplom sohibi boʻldi

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) tashkil etilgani besh yilligi munosabati bilan Koreya Respublikasi Inha universiteti prezidenti Cho Myong U boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizda boʻldi.
Koreyalik professorlar Toshkent shahridagi Inha universitetining 2018/2019 oʻquv yili bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimida ishtirok etib, ularning kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Diplomlarni topshirish marosimi Koreya Respublikasi Inha universiteti anʼanalariga muvofiq tashkil etildi. Joriy yilda Toshkent shahridagi Inha universiteti bakalavriat yoʻnalishida Kompyuter va dasturiy injiniring fakultetini 200 talaba bitirdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov bugungi kunda AKT sohasiga ixtisoslashgan taʼlim tizimini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Koreya Respublikasi Inha universiteti bilan hamkorlik qilish, uning oʻquv dasturlari va standartlaridan foydalanish keng qamrovli va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga qodir boʻlgan malakali kadrlarni tayyorlash imkonini berishini qayd etdi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti qisqa davr ichida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha mamlakatimizdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biriga aylandi. Taʼkidlash joizki, 2014-yilda ushbu taʼlim dargohida 115 talaba tahsil olgan boʻlsa, bugungi kunda bu yerda 1548 yigit-qiz bilim olmoqda.
Koreya Respublikasi Inha universiteti prezidenti Cho Myong U ushbu taʼlim dargohining tashkil etilish tarixi, uning oʻziga xos anʼanalari, Koreya jamiyati taraqqiyotida mazkur universitetning roli haqida soʻzlab berdi.
Taʼkidlash kerakki, Toshkent shahridagi Inha universitetining bu yilgi bitiruvchilari bir paytning oʻzida 2 diplom sohibi boʻldi. Xususan, Koreya Respublikasi Inha universiteti namunasidagi diplomlarni prezident Cho Myong U, Toshkent shahridagi Inha universiteti diplomlarini shu universitet rektori vazifasini bajaruvchi Muzaffar Jalolov topshirdi.
Mamlakatimizdagi boshqa oliy taʼlim muassasalaridan farqli oʻlaroq, Toshkent shahridagi Inha universitetida bitiruvchilarga qizil diplomlar yoki medallar topshirilmaydi. Bu yerda aʼlochi talabalar ham ajratilmaydi. Taʼlim muassasasida eng yuqori ball toʻplagan talabalargina tahsil oladi. Tantanali marosimda ularga Toshkent shahridagi Inha universiteti rahbariyatining esdalik sovgʻalari topshirildi.
Sabinaxon Akbarova ana shunday talabalardan biri.
– Toshkent shahridagi Inha universitetidagi tahsil davomida koʻplab doʻstlarim yurtimizdagi yirik idora va korxonalarda oʻzlariga ish topdi yoki xorijdagi katta IT-kompaniyalar bilan hamkorlik qilgan holda tajriba oshirdi, – deydi S.Akbarova. – Men esa startap loyihamni ishga tushirish bilan shugʻullandim. Jamoamizda isteʼdodli dasturchilar boʻlgani bois, hozirgi kunda abituriyentlar orasida mashhur boʻlgan platformani yaratdik. Bizning veb-sahifamizda abituriyentlar yurtimizdagi oliy oʻquv muassacalari va xalqaro taʼlim dargohlarining mamlakatimizdagi filiallariga kirishga tayyorlanishi uchun zarur boʻlgan barcha materiallar oʻrin olgan.
2018-yilda Toshkent shahridagi Inha universitetining 85 foiz bitiruvchisi oʻz yoʻnalishi boʻyicha ishga joylashgan va 15 foizi Janubiy Koreya, Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Norvegiya, Vengriya, Angliya, Chexiya va Yevropaning turli davlatlaridagi universitetlarning magistraturasida oʻqishni davom ettirmoqda.

 

Roman BONDARCHUK, OʻzA