Seul, 24 noyabr. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In hamrohligida Seul shahridagi Janubiy Koreya Milliy muzeyiga tashrif buyurdi.

Mazkur muzey Koreya Respublikasining eng yirik tarixiy va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. 1945 yil asos solingan muzey uchun 2005 yil o‘ziga xos me’moriy yechimga ega zamonaviy bino barpo etilgan. Osiyoda eng yirik, deya e’tirof etiladigan ushbu muzey ko‘lami jihatidan dunyoda oltinchi o‘rinda turadi. Muzeyda 220 mingdan ortiq tarixiy, badiiy, arxeologik va boshqa eksponatlar mavjud.

Prezidentimiz muzey bo‘limlari va eksponatlari bilan tanishdi. Madaniy-gumanitar sohada davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishib olindi.